просмотров
Xitoyda taom pishirishning usullari juda ham ko‘p. Taomlar ham turli-tuman, ularning har biri o‘ziga xosdir. Taom pishirish usullarining har birini ifodalash uchun xitoy tilida alohida so‘zlar (jumla emas!) o‘ylab topilgan.
Mahalliy taomlar mamlakatning qaysi bir hududida tayyorlanishiga qarab keskin farqlanadi. Misol uchun mamlakat shimolida yog‘li va go‘shti taomlar, janubda esa achchiq ovqatlar mashhur. G‘arb tomonda O‘rta Osiyo taomlariga xos bo‘lgan usulda ovqat pishirishadi.
So‘zimizni “asosiy taom” tushunchasidan boshlasak. Xitoyliklar bu borada asosan guruch va lapsha iste’mol qilishadi. Ularning yoniga odatda go‘sht, sabzavotlar, salat va shu kabi yeguliklar ilova qilinadi.
Eng qizig‘i, xitoyliklar boshqa mamlakatlarning oshxonasiga nisbatan zerikarli deya baxo berar ekanlar. Ular kartoshkani hech qachon alohida qovurib, qaynatib, dimlab yoki pyure holiga keltirib iste’mol qilishmaydi. Ular uchun kartoshka - taom ichidagi odatiy sabzavotdan boshqa narsa emas.
Xitoyda guruchni tuz va yog‘ solmasdan qaynatishadi. Shu sababli ham pishgan guruch donalari bir-biriga yopishib qoladi va uni tayoqchalar yordamida yeyish ham oson bo‘ladi.
Xitoyda non deyarli iste’mol qilinmaydi. Bu yerdagi nonlar guruch unidan tayyorlanadi, ushbu nonni shirin deb ham bo‘lmaydi. U boshqa mamlakat vakillari uchun biroz noodatiydir. Ko‘rinishidan bulochkani yodga solsa ham, unga nisbatan biroz yumshoqroqdir.
Xitoyda buterbrod degan tushunchaning o‘zi yo‘q. O‘lkadagi barcha kolbasava sosiskalar soyadan tayyorlanadi. Pishloq faqatgina eritilgan ko‘rinishda bo‘ladi, odatiy pishloqlarni faqat xorijiy supermarketlardan topish mumkin bo‘lib, narxi aqlingizni shoshirib qo‘yadi.
Xitoyda chuchvaraning szyaotszi va baotszi nomli turlari mavjud. Ammo ushbu chuchvaralar odatiy chuchvaradan farqli o‘laroq, pirojkilarni yodga soladi.
Xitoyda qaynatilgan lapshani juda sevib iste’mol qilishadi. Uni tushlik, yengil tamaddi va kechki taom vaqtida ham tanovul qiladilar. Xitoyliklar uchun lapsha - uzoq umr ko‘rish garovi bo‘lib, tug‘ilgan kun bayramlari ham lapshasiz o‘tishi mumkin emas. Biz bu kabi bayramda tort iste’mol qilsak, xitoyliklar lapshani jon deb paqqos tushirishadi.
Mamlakatda keng tarqalgan taomlardan yana biri qovurilgan pomidor va tuxumdir. Uning tayyorlanish usuli sizni biroz hayratga solishi mumkin, ammo mazasi yoqib qolishi tayin.
Xitoy aholisi kundalik hayotda hech qachon sovuq suv iste’mol qilmaydi. Ular qaynagan suvning o‘ta foydali ekanligiga qattiq ishonadilar. Aytishlaricha qaynatilgan suv ko‘plab kasalliklarni davolaydi, shu sababli ham bemorlarga faqatgina qaynagan iliq suv ichish buyuriladi. Kafe hamda restoranlarda ham suv so‘ragan paytingiz sizga iliq suv olib kelib berishadi.
Ushbu mamlakatda qatiq, smetana, tvorog kabi mahsulotlarni umuman topib bo‘lmaydi. Do‘konlarda faqatgina yogurt sotishlari mumkin.
Xitoyliklar juda ham mehmondo‘st bo‘ladilar. Ular uylariga kelgan mehmonni obdon to‘yib olmaguniga qadar taom bilan siylayveradilar.
Biz Yangi yil bayramida o‘z yaqinlarimizga shirinliklar ulashsak, ular bu maqsadda mevalardan foydalanishadi. Odatda bayram sovg‘asi sifatida sotuvg achiqarilgan olma va boshqa turdagi mevalar yorqin ko‘rinishdagi qog‘ozlarga o‘rab qo‘yilgan bo‘ladi.
Сообщения из Facebook