Kimning “oxrana”si kuchliroq? – Yohud dunyo rahbarlarini qanday qo’riqlashadi (II qism)
Kimning “oxrana”si kuchliroq? – Yohud dunyo rahbarlarini qanday qo’riqlashadi (II qism)
Ular ba’zan oddiy odamlardek yuradilar, olomonga qo’shilib ketib, ularning ichida ajralmay qola oladilar. Ba’zan esa haqiqiy agentlarga o’xshab oladilar – qora kostyum, qora ko’zoynak va quloqqa taqilgan mikrofon bilan.

Pyotr Paroshenkoning tansoqchilari

2016 yilning may oyida Ukrainaning OAV da “Paroshenkoning tansoqchilari Yevropaning eng yaxshi qo’riqchilari, deb tan olindilar”, degan xabarlar tarqaldi. Gap shundaki, prezidentning xavfsizlik xizmati komandasi Bodyguard-2016 ko’pkurashi bo’yicha chempionatda birinchi o’rinni egallashga muvofiq bo’lgan edi. O’shanda musobaqada Yevropa bo’yicha Ukrainadan tashqari Belorusiya, Moldaviya, Ruminiya, Gruziya, Bolgariya va Polsha davlatlari ham qatnashgan edi.

Ukraina yetakchisini Davlat muhofaza Boshqarmasi qo’riqchilar bilan ta’minlaydi. Boshqarmaning 3 mingga yaqin xodimi bo’lib, ular asosan muddatli xizmatdagi harbiylar, kontrakt bo’yicha xizmat qilayotganlar hamda mehnat shartnomasi bo’yicha ishlayotganlardan iborat. Ularni olomon ichida ajratib olish qiyin emas: ular yoqasiga Boshqarma belgisi tushirilgan nishon taqilgan bir xil turdagi pidjakda bo’ladilar. Bu qo’riqchilar orasida oldinlari Viktor Yanukovichga xizmat qilganlarni ham ko’rish mumkin. Boshqarma rahbarining aytishicha, avvallari kimga xizmat qilganliklaridan qat’iy nazar bu tansoqchilar o’z ishlarining ustasi bo’lgan professionallardir, shuning uchun ham ularning xizmatlaridan voz kechish g’irt ahmoqlik bo’lar edi.

Jurnalistlarning ta’kidlashlaricha, Paroshenkoning yonida amerikacha harbiy kiyim kiygan va Belgiyaning to’pponcha-pulemyotlari bilan qurollangan yollanma jangchilarni ham ko’rish mumkin. Taxmin qilinishicha, bular shtab-kvartirasi Londonda joylashgan Aegis Defence Services nomli xususiy qo’riqlash firmasida xizmat qiluvchi Polsha maxsus tayyarlov bo’linmasidan chiqqan jangchilardir. Parashenkoning tanlovini tushunsa bo’ladi, axir AQSH ning Mudofaa Vazirligi ham Iroq hamda Afg’onistondagi operatsiyalari uchun Aedis xodimlarini yollagan edi.

Angela Merkel hamda SG departamenti

Germaniya kantslerining muhofazasi bilan Ichki ishlar Vazirligiga qarashli jinoyat qidiruv politsiyasi shug’ullanadi. Politsiya ofitserlaridan shaxsiy qo’riqchilarni SG nomli “qo’llab-quvattalsh” guruhiga tanlab olishadi.

Bu xodimlarning fe’l-atvorlari bardoshli, qat’iyatli bo’lishi, a’lo darajadagi jismoniy tayyorgarlik ko’rgan bo’lishlari hamda yuqori darajadagi muomala madaniyatiga ega bo’lishlari, maxsus himoya transportini boshqara olishlari va “har qanday sharoitda aql va tezkorlik bilan harakat qila olishlari” zarurdir.

Bundan tashqari tansoqchilarning barchasi tibbiy bilimga ega bo’lib, birinchi yordamni ko’rsata bilishlari lozim. Aynan shunday malaka Merkel xonim 2014 yilda Shvetsariyaning Alp tog’larida o’zining tansoqchilari bilan birgalikda chang’i uchayotib, yiqilganida zarur bo’ldi. O’shanda Germaniya rahbari tos suyagini jarohatlab olgan edi.

Britaniya qirolichasi va Bosh vazirning qo’riqchilari

Britaniya qirollik oilasi va hukumat a’zolarini London politsiyasining maxsus operatsiyalar Boshqarmasi huzuridagi muhofaza guruhi qo’riqlaydi. Ushbu guruh ofitserlari britaniyalik oddiy politsiyachilaridan farqli o’laroq hamisha qurollanib yura oladilar. Darhaqiqat, Britaniya politsiyasining aksariyat qismi o’q otar qurollar olib yurmaydilar va hattoki unga ruhsatnomalari ham yo’q (qurolga ruhsatnoma olish, uni saqlash juda mushkul, otishma oqibatida jinoyatchi yoki boshqa biror kimsaning halok bo’lishi esa qattiqqo’llik bilan jazolanadi).

Britaniya Bosh vazirining qo’riqchilari dunyoning eng oldi agentlari hisoblanadilar. Biroq omma ularning g’alati darajadagi noprofessionalliklariga guvoh bo’lgan. Masalan, 2014 yilda qandaydir yigit bemalol, hech qanday qiyinchiliksiz Bosh vazir Devid Kemeronning yoniga kelib, uni itarib yuborgan. Tansoqchilar notanish yigitni darrov ushlab olib, u bilan ovora bo’lib qoldilar. Ungacha esa Bosh vazir bir o’zi chetda turib qoldi. Muhofaza guruhining sobiq xodimlaridan birining bergan tushunchasiga qaraganda, bunday vaziyatda boshqa hamlalarning oldini olish uchun Bosh vazir qo’riqchilari bilan o’rab olinib, mashinasiga o’tkazilishi kerak edi.

Qirolicha Yelizavetani esa mana bu azamat va jasur askarlar muhofaza qiladilar. Bular qirollik rezidentsiyalarini qo’riqlaydigan Gvardiyachi grenaderlardir.

Hamma ularni saroy “dekoratsiyasi” yoki shunchaki turistlarning ko’nglini olish va tomosha qilish uchun qo’yilgan soldatlar, deb tushunadilar. Aslida esa bu eng oldi askarlarni saralab oladigan Britaniya armiyasining jangovarlik qobiliyatiga ega bo’linmalarining jangchilaridir. Sayyohlarning qo’pol muomalalari va hurmatsizlarcha kulishlariga qaramasdan, Qirollik gvardiyasida xizmat qilish – eng katta sharaf hisoblanadi.

Aytgancha, gvardiyachilar ham anoyi emaslar, ular javob qaytarishga haqlidirlar. Ular haddan tashqari qitmir sayyoh yoki tomoshabinlarga baqirib berishlari hamda nayzali miltiqlarini ularga qarab o’qtalishlari ham mumkin. Agarda buyam ta’sir qilmasa, ular tartib buzuvchini hibsga olishlari yoki ko’mak chaqirtirishlari ham mumkin.

Qirolicha qo’riqchilarining tantanali formalari  45 sm dan iborat ayiqli shapkalari bilan mashhur. Faraz qilishlaricha, bunday qalpoqlar dastavval dushmanlarga askarlarning bo’ylari balandroq, o’zlari esa haybatliroq ko’rinishlari hamda tantanalarda taassurotni kuchaytirish uchun kiydirilgan. An’ana bo’yicha, qalpoqlar Shimoliy Amerikaning qora ayiqlarning terisi (yoki qo’ng’ir ayiqlarning qora rangga bo’yalgan terisi) dan tikiladi. Bunda bitta qalpoq uchun  bitta butun teri sarflanadi. Tabiiyki, hayvonlarni muhofaza qiluvchilar bunga qattiq qarshilik bildiradilar. Ayiqli qalpoqlar haybatli ko’ringani bilan og’ir emas, bor yo’g’i 1,5 funt (ya’ni 700 gramm) ni tashkil etadi. Lekin shunga qaramasdan issiq kunlarda bunday shapkalarda uzoq vaqt davomida qimirlamay turish natijasida gvardiyachilar hushlarini  yo’qotishlari ham mumkin.

Rim Papasi hamda Shvetsariya gvardiyasi

Vatikanning ajib kiyim kiygan hamda o’rta asr quroli bilan qurollangan Shvetsariya gvardiyachilaridan tashkil topgan kichkinagina armiyasini ham shunchaki ko’rk uchun, turli tantana va marosimlarni o’tkazish uchungina yaraydi, deb hisoblaydilar. Bu kichkinagina armiya 135 nafar shvetsariyalik gvardiyachilardan tashkil topgan. 

Biroq aynan ana shu armiya mana 500 yildirki dunyodagi eng nufuzli hisoblangan shaxs – Rim Papasining shaxsiy himoyasini ta’minlab kelmoqda. Axir Papa dunyodagi eng katta Katolik cherkovini boshqarib kelmoqda, uni muhofaza qilish g’oyatda mas’uliyatli ishdir.

Bu gvardiyaga faqatgina turmush qurmagan, yoshi 19 dan 30 gacha bo’lgan, bo’yi 1,74 m dan past bo’lmagan Shvetsariya Harbiy Kuchlarida tayyorgarlik ko’rgan shvetsariyalik katoliklargina qabul qilinishlari mumkin.

Vatikan armiyasining gvardiyachi tansoqchilari turli marosimlarda olib yuradigan aldebard, nayza, shpaga, qilich kabi eski zamon qurollaridan tashqari zamonaviy to’pponcha va avtomatlar, Germaniyada ishlab chiqarilgan Heckler & Koch MP7 rusumidagi pistolet-pulemyotlar hamda … garmdorili ballonchalar bilan qurollanganlar. Gvardiyachilar 3 yil muddat xizmat qilib bo’lganlaridan keyin uylanishlari mumkin.

Rim Papasining muhofazasi bilan shug’ullanuvchi bu gvardiyachilarning oylik maoshi G’arbiy Yevropa davlatlari bilan solishtirganda ancha kam – oyiga atiga 1300 yevro. Biroq ular barcha soliqlardan ozod bo’libgina qolmay, bepul turar-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlanadilar. 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook