Oliynasab kishilar buyumi – ko’zgu tarixi
Oliynasab kishilar buyumi – ko’zgu tarixi
Har bir inson uydan ko'chaga otlanar ekan albatta ko'zgu qarshisiga keladi. Bir tasavvur qiling-a, agar hayotimizda ko'zgular mavjud bo'lmasa-yu biz o'z qiyofamizni ko'ra olmasak! Ushbu ajoyib va qoyilmaqom kashfiyot tarixiga birgalikda nazar tashlashga nima deysiz!

Arxeolog olimlar Turkiya hududidan topilgan taxminan 7500 yillik tarixga ega sayqallangan obsidian bo’laklarni insoniyat hayotidagi birinchi ko’zgu deb hisoblaydilar. Ko’zgu antik dunyoning eng qimmatbaho buyumlaridan biri bo’lgan, shu sabab qadimgi Yunoniston va Rimda faqat oliynasab kishilargina ko’zgu sotib olishga muvaffaq bo’lganlar.

Po’lat va bronzadan sayqallangan, kaft kattaligidagi ko’zgular yuzasi tez-tez oksidlanib qolgani bois, ularni muntazam ravishda tozalashga to’g’ri kelgan.

Tilshunoslarning ta’kidlashicha, ko’zgu so’zi Qadimgi Rimda paydo bo’lib, u lotin tilida spectrum tarzida talaffuz etilgan. Boshqa tillarga ko’chgan mazkur so’z fonetik, morfologik va leksik o’zgarishlarga duch kelgach, turlicha jaranglay boshladi. Zamonaviy oynani yodga soluvchi ko’zgu haqidagi ilk ma’lumotlar 1279 yilga tegishli bo’lib, fransiyalik Jon Pekam oddiy shishani yupqa qo’rg’oshin qatlami bilan qoplash usulini bayon etgan. 

Ko’zgu ishlab chiqarish ilk bor Venetsiyada yo’lga qo’yilgan va ushbu texnologiya yetarli darajada murakkab bo’lgan. Ko’zgu tayyorlash uchun: qalayli folga qog’ozga yopishtirilgan, ikkinchi tomoni simoblanib, ustidan yana bir marta qog’oz yopishtirilgach shisha o’rnatilgan.

Venetsiya ko’zgu ishlab chiqarish borasida hamisha o’z monopoliyasini tutib turishga harakat qilgan. 1454 yili hukmdor Doj ko’zgu yasovchi ustalar o’lkani tark etishini taqiqlovchi qaror chiqaradi. Venetsiyadan chetga chiqqan ustalar zudlik bilan qaytish haqida buyruq olganlar. Ortga qaytishni istamagan ustalar esa qattiq jazolanganlar, xatto ayrimlarining izidan yollanma qotillar yuborilgan.

Fransuz qiroli Lyudovik XIV ko’zgu desa o’zini tomdan tashlardi. Aynan uning hukmronlik yillarida “San-Goben” firmasi venetsiyaliklarning ko’zgu ishlab chiqarish siridan voqif bo’lganlar va shu voqia ko’zgu narxi birdan tushib ketishiga sababchi bo’lgan. XVIII asrda parijliklarning har uchtadan ikkitasida ko’zgu bor edi.

1835 yilga qadar ko'zgu ishlab chiqarish sohasida sezilarli o’zgarishlar sodir bo’lmadi, aynan shu vaqtga kelib olmon professori Yustus fon Libix kumushdan foydalangan holda tiniqroq ko'zgu tayyorlash mumkin ekanligini isbatladi.

Ko’zgular kundalik hayotimizning bir parchasiga aylanib ulgurgan, desak mubolag’a bo’lmaydi. So’nggi yillarda ko’zgular bino tuzilishidagi kamchiliklarni berkitish, uy intererini to’ldirish va turli dekorativ buyumlarni yasashda qo’llanilmoqda.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook