Bugun, 31 avgust kuni Diana Frensis Spenser – ya’ni Angliya shahzodasi Charlzning sobiq rafiqasi malika Diana yoki shunchaki “Di xonim” ning vafotiga 20 yil to’ldi. 1997 yilning 31 avgust kuni malika Diana va uning qallig’i Dodi al-Fayod o’tirgan avtomobil Parij tunellaridan birida avtohalokatga uchradi.
Bu mudhish hodisada faqatgina malikaning tanchoqchisi Trevor Ris Jonsgina omon qoldi. Biroq olgan tan jarohatlari sababli bir umrga xotirasidan ayrildi va shu sababli bo’lgan voqea haqida hech nima aytib bera olmaydi. Avtohalokat qanday sodir bo’ldi, sababi nima: shirakayf haydovchimi, Britaniya maxsus xizmatimi yoki shunchaki baxtsiz hodisami? Mana 20 yildirki, bu savol bo’yicha aniq bir to’xtamga kelinmagan. Bizning ushbu maqolamizda avtohalokatga sabab bo’lishi mumikin bo’lgan beshta taxmin haqida so’z yuritiladi.
Paparitssi
Avtohalokatning birinchi versiyasi – mototsikldagi fotoreportyorlardir. O’sha mudhish tunda malika Diananing qora “Mersedes” ini paparatssilar ta’qib qilib kelmoqda edi. Shulardan birining mashinasi malikaning avtomobiliga yaxshigina halal bergan. “Mersedes” ning haydovchisi to’qnashuvning oldini olaman, deb, tunneldagi ustunga borib urilgan.
Ammo keyinchalik tergov davomida aniqlanishicha, muxbirlar tonnelga Diananing “Mersedes” idan bir necha soniyadan keyin kirib kelganlar, shunday ekan ular avariyani uyushtirisha olmas edilar. Shunday bo’lsada, halok bo’lgan malikaning o’g’illari onalarining o’limida aynan reportyor va paparatssilarni ayblamoqdalar, chunki ular malikaning so’nggi kunigacha uni o’z holiga qo’ymagan edilar.
Sirli Fiat
Avtohalokatning ikkinchi taxminiy versiyasi sifatida tonnelda malikaning mashinasining yo’lini kesib chiqqan bo’lishi mumkin bo’lgan avtomobildir. Bu oq rangdagi “Fiat Uno” avtomobili bo’lib, guvohlar uning halokatdan keyin tonneldan chiqib kelayotganini ko’rganlar. Avariya joyida esa go’yo oq avtomobilning zarralari topilgan. Biroq mashina va haydovchi haqida ma’lumotlarga ega bo’la turib ham na mashina van a haydovchini topib bo’lmadi.
Bu avtomobil fransuz jurnalisti Jeyms Andansonga tegishli ekanligi haqida taxminlar ham bor. Halokatdan keyinoq jurnalist g’oyib bo’lgan, 2000 yilda esa Franstsiyaning Pirineya tog’larida uning jasadi yonib ketgan avtomobil ichidan topilgan. Uning o’limi o’z joniga qasd qilish, deb baholangan, biroq tahlil natijalari uning o’ldirilganini ko’rsatdi.
Mast holdagi haydovchi, haddan tashqari katta tezlik va xavfsizlik kamari
O’sha tunda Diana va uning qallig’i o’tirgan “Mersedes” yaqindagina alishtirilgan bo’lib, ma’lumotlarga qaraganda uning malika o’tirgan orqa o’rindig’idagi xavfsizlik kamari nosoz bo’lgan. Malikaning o’zi esa xavfsizlik masalasiga juda talabchan edi.
Shuningdek, malika o’tirgan avtomobilning ahvoli judayam yomon edi – u bir necha oy avval bo’lib o’tgan avariyadan keyin shoshilinch ravishda ta’mirlangan ekanligi ham ma’lum bo’ldi.
Keinchalik avtohalokatning sababchisi deb avtomobilning haydovchisi Anri Pol ko’rsatildi. U “Rits” mehmonxonasi xavfsizlik xizmatining boshlig’I bo’lib, u ham avariyada halok bo’ldi. Tergovchilarning fikricha, haydovchi mashinani mast holda boshqargan hamda uning tezligini haddan tashqari oshirib, soatiga 200 km gacha chiqargan.
Qirol oilasining qasosi
Malika Diananing o’limini Britaniya ayg’oqchilari va Qirolicha Yelizavetaning o’zi uyushtirgan, degan taxminlar ham yo’q emas. Bir necha yillar davomida malika Diana shahzoda Charlz va qirollik oilasi uni o’ldirmoqchi ekanliklari haqidagi fikrlarni bildirgan.
Bunday versiyaning kelib chiqishiga malikaning saroy bosh xizmatchisi (dvoretskiy) ga yozgan xati sabab bo’lgan. Bunday maktub daliliy ashyo deb hisoblanmasada, uning borligi va shaxsan Diananing qo’li bilan yozilganligi haqiqatdir. Maktubda shaxzoda Charlz malika Diananing mashinasining tormozini ishdan chiqarish yo’li orqali halokat uyushtirish niyatida ekanligini, buning natijasida Diana qattiq bosh jarohatini olishi rejalashtirilgani yozilgan edi. Agar uning rejalari amalga oshsa, shahzodaning yangi oila qurishiga yo’l ochilar edi.
Misrlik dushmanlar
Navbatdagi taxminlardan biri – avtohalokat misrliklar tomonidan uyushtirilgan bo’lib, maqsad malikaning qallig’i – milliarder Muhammad Al-Fayod- Dodining o’g’lini yo’q qilish bo’lgan.
Dodining otasi “Rits” mehmonxonasi, Londondagi “Harod’s” univermagi hamda “Fullham” futbol klubining egasi edi. Shuning uchun halokatni Al-Fayodning biznesdagi dushmanlari uyushtirgan bo’lishlari ham mumkin. Biroq Muhammadning fikricha, uning raqiblarining avtohalokatda hech qanday avblari yo’q, bu ishga Britaniya razvedkasi va qirollik oilasi aralashgan.
O’limdan keyingi hayot
Diananing o’limidan keyin Angliyada motam e’lon qilingan. Kensington saroyining darvozasiga malikaning xotirasi hurmatiga minglab odamlar gullar olib kelib qo’ya boshladilar. Gullarning ko’pligidan qo’rg’on qurish mumkin edi.
Diana 1997 yilning 6 sentyabr kuni Spenserlar oilasining Nortgemtonshirdagi Eltorp qo’rg’oniga dafn qilindi.
“Di” xonim vafotidan keyin ham mashhurlicha qolaverdi. Ko’pgina taniqli qo’shiqchilar Diana xotirasiga bag’ishlab ajoyib qo’shiqlar kuyladilar. Malika vafotining o’n yilligi munosabati bilan “Malika Diana” nomli film suratga olindi. Unda malikaning hayoti va Parijdagi so’nggi kunlari haqida hikoya qilinadi. Bu yili ham fojianing 20 yilligi munosabati bilan ikkita hujjatli film suratga olindi. “Diana – bizning onamiz” hamda “Diana. Hayoti haqida aytganlari” nomli bu filmlarda ham Diananing hayoti to’liq yoritib berilgan.
Сообщения из Facebook