
8,957
просмотров
просмотров
O’tib borayotgan yilni yaxshi sifatlari bilan yodda olib qolishning ham zavqi o’zgacha bo’ladi. Ammo yil davomida turli maskanlarga sayohatga borgan bo’lsangiz, bunday yilning unutilib ketishi aslo mumkin emas. Kelgusi yilda ham dunyo bo’ylab sayohat qilishni rejalashtiryapsizmi? Balki qaysi shaharlarga borish mumkinligini o’ylab ko’rayotgandirsiz? Unday bo’lsa, mazkur yilda eng ko’p sayyohlarni o’ziga jalb qila olgan shaharlar ro’yxati bilan tanishib olsangiz zarar qilmaydi.
10.Gonkong
Googledagi eng mashhur savollardan biri Gongkong Xitoyning bir qismimi yoki yo’qligi haqidagi jumladir. Gongkong Xitoyning bir qismi hisoblanadi, ammo o’z o’rnida alohida valyuta, pasport va qonunlariga ega. Bu yerdagi kabi osmono’par binolarni boshqa hech bir manzilda uchrata olmaysiz, ularning balandligi 150 metrdan ham oshib ketadi. Mazkur hudud sayyohlarni rivojlangan infratuzilmalari va shahardagi zamonaviylik hamda qadimiylik ruhi sabab o’ziga jalb etadi.
9.Kuala-Lumpur (Malayziya)
Malayziya poytaxti zamonaviy osmono’par binolar, qimmatbaho mehmonxonalar, shuningdek islomiy motivlar va Osiyo koloriti tufayli mashhurlikka erishgan. Mamlakat oshxonasi esa Xitoy, Hindiston va Portugaliya pazandachiligi namunalarini o’zida jamlagan bo’lib, ushbu ajoyib oshxona taomlaridan kunning 24 soati davomida tatib ko’rishingiz mumkin. Bunday taomlar hech bir shinavandani befarq qoldirmaydi. Butun dunyodan mazkur shaharga kelguvchi taom-blogerlarining tashrifi ham aynan shu sababdan uyushtiriladi.
8. Nyu-York (AQSH)
Bu shahar haqidagi ortiqcha izohlarga hojat bo’lmasa kerak, bizningcha. Dunyodagi eng ajoyib megapolislardan biri va ko’plab filmlar suratga olingan hudud bo’lmish shaharga kelguday bo’lsangiz, Bruklinga tashrif buyurib, ko’chalarni piyoda sayr qilishni maslahat bergan bo’lar edik. Mazkur shaharning kuchli 3 talikka kirmaganligiga esa turistik viza olishga bog’liq kichik qiyinchiliklar sabab holos.
7.Seul (Janubiy Koreya)
Seul salkam 10 yil ichida haqiqiy go’zallik namunasi va ko’cha modasi poytaxtiga aylanib ulgurdi. Bu yerdagi kosmetika sanoati va plastik jarrohlik, shuningdek PSY sabab mashhurlikka erishgan Kannamgu (o’sha siz bilan “Gangnam”) shahri va uning uslubi sayyohlarni bu yerga osongina jalb qilmoqda. Agar siz ham yorqinlik, musiqa va kosmetika shaydosi bo’lsangiz, Seulga marhamat!
6. Tokio (Yaponiya)
Yaponiyaning Tokio shahrini yuqori darajadagi texnologiyasi, sakura daraxtlari, sakesi va haqiqiy sushilari uchun borib ko’rsangiz arziydi. Ha aytganday, sakuralar gullagan paytda samolyot uchun chiptalar narxi ham qimmatlashib ketadi.
5.Singapur
Mazkur shahar-mamlakat o’zining futuristik arxitekturasi, nooadatiy ko’cha oshxonasi va o’ta qat’iy qonunlari sabab kishini hayratga solib qo’yadi. Singapur aeroportining o’ziyoq kishida mutlaqo boshqa olamga tushib qolgandek taassurot uyg’otadi. Uni 22 yildan buyon dunyodagi eng yaxshi aeroport deb tan olayotganlari bekorga emas. Uyingizga qaytish chog’ida o’zingiz bilan durian deb ataladigan mevani ko’tarib olmang yana: uni aeroport xodimlari olib qo’yishadi va sizga jarima soladilar. Bundan tashqari mevaning o’tkir hidi sabab o’zingiz ham chemodandan imkon qadar uzoqroq yurishga harakat qilasiz.
4.Dubay (BAA).
Hashamat, hashamat va yana bir bor hashamat! Oxirgi 5 yil ichida Dubayga dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarning yopirilib kelyotganiga ajablanmasa ham bo’ladi. Dubayning qimmatbaho va betakror mehmonxonalari, ajoyib manzaralari sizni hayratga solishi shubhasiz. Uchuvchi dron taksilarni ko’rganda esa haqiqiy texnologik mo’chizaning guvohiga aylanasiz.
3.Parij (Fransiya)
Go’zallik va hashamatning yana bir namunasi. Bu yerda Yelisey mayoni bo’ylab Pigal tumani go’zalligidan bahramand bo’lasiz, moda olamining asl go’zalligi bilan tanishasiz. Klassik parfyumeriya, mazali taomlar, haqiqiy san’ati namunalari, Luvr, Eyfel... Xullas, cho’ntakda pul bo’lsa, bo’lgani. Ammo chiroyli shahar manzaralari ortida berkinib yurgan o’g’rilardan ehtiyot bo’lishni ham unutmang.
2.London (Buyuk Britaniya)
Arxitektura, moda, musiqa, san’at, adabiyot, tarix, qirollik oilasi... Ushbu tushunchalarning barini faqat bir yer – Londondangina topishingiz mumkin. London eshiklari mehmonlar uchun hamisha ochiq.
1. Bangkok (Tailand)
O’tib borayotgan yilning eng mashhur va ko’plab sayyohlarni o’ziga chalb qilgan shahri Bangkok ekanligidan ko’pchilik hayratga tushmas ham balki. Zero uning hamyonbop narxlari, rivojlangan infрatuzilmasi, ajoyib plyajlari, mazali ko’cha taomlari va betakror hayotini ko’rish uchun oshiqayotganlar son-sanoqsizdir. Ha aytganday, shahar arxitekturasining o’zi ham minglab sayyohlarni aynan shu manzil tomon boshlab keladi.
Сообщения из Facebook