просмотров
Yangi suvosti kurort komplekslarining loyihalari yildan-yilga o'sib bormoqda. Lekin suvosti inshootining qurilishi oson ish emas-ekologik muammolar, iqtisodiy to'siqlar. Demak, agar Siz bugunoq telefon qilib, buyurtma bermoqchi bo'lsangiz, Siz uchun suvosti mehmonxonalarining eng yaxshilarini taqdim etamiz.
Havotir olmang, mehmonxonalarning oddiy, kamtarinlaridan tortib, qimmat va hashamatli turlarigacha mavjud. Qay birini tanlashingizdan qat'iy nazar, bu yerdagi dam olish butun umr yodda qoladi!
Atlantis the Palm (Dubay, BAA)
Dubaydagi Atlantis The Palm mehmonxonasidagi suvosti nomerlar - bu hashamatli tajriba! To'g'ri yotoqdan butun dengiz manzarasini ko'rish imkoniyatini beruvchi poldan shiftgacha bo'lgan derazalar - bu "tort ustidagi gilos" day gap.
Dengiz xudolari sharafiga atalgan "Poseydon" va "Neptun" kabi hashamatli lyuks xonalarda kun-u tun xizmatkorlar og'asi xizmatingizda bo'ladi. Suvostida joylashgan nomerlar bir kechaga 8.200$. Derazadan Ambassador Lagoon akvariumidagi 65 ming dengiz jonivorlarini ko'rish barobarida Siz o'zingizni xuddi dengiz tubiga tushib qolgandek his qilasiz.
Lovers Deep Submarine suvosti kema-mehmonxona (Karib orollari)
Butun boshli nomerga joylashishi mumkin bo'lsa, bir xonadada tiqilib nima qilasiz? 2014-yildan boshlab hashamatli villalar ijarasi bilan shug'ullanuvchi Oliver's Travels agentligi mana shu ajoyib suvosti qayig'ida qolishni taklif qiladi.
Bosh oshpaz va personal sizga 5 yulduzli xizmatni ta'minlab beradilar. Bu joy oradagi ishqiy munosabatlarni saqlab qolishni istagan juftliklar uchun maxsus ishlangan afrodoziakli menyuni taqdim etadi. Narxini so'rayapsizmi? Narxlar bir kecha uchun 215.000$ dan boshlanadi.
Resorts World Sentosa kurort kompleksi (Singapur)
Singapurdagi Resorts World Sentosa kurort kompleksi ikki bosqichli taunhauslar ko'rinishidagi 11 "okean suit"larini taklif etadi.
Yuqori "quruqlik"da yashash zonasi, suvosti "dengiz" qavatida esa yotoqxona mavjud.
Siz dunyodagi eng ulkan akvarium manzarasidan bahra olguningizcha shaxsiy xizmatkorlar og'asi Sizning xizmatingizda bo'ladi. Nomerda bir kecha qolish taxminan 1.200$ ga to'g'ri keladi.
Manta Resort kurorti (Zanzibar)
Zanzibar arxipelagidagi Pemba oroli (Pemba Island)da joylashgan Manta Resort kurorti - tropik hashamatning haqiqiy ta'rifidir!
Suzib yuruvchi bu mehmonxona yuqori palubasida Hindiston okeani va Afrika qirg'oqlarining muhtasham manzarasini tomosha qilishni va suvosti qismidagi yotoqxona oynalaridan okeanning ajoyib muhitini his qilishni taklif etadi. Mehmonxonadagi har bir xona 4 metr chuqurlikda joylashgan bo'lib, okeanda dam olish hali bu qadar yengil va yoqimli bo'lmagan. Nomerlarni bir kecha uchun 1.500$ miqdorida olish mumkin.
Hilton’s Conrad Rangali Island Resort kurort mehmonxonasi (Maldivi)
Alohida vaziyatlar uchun Rangali Island Resort kurorti o'zining suvosti restoranini ikki kishilik suvosti yotoqxonasiga aylantiradi. Dunyodagi birinchi suvosti restoranida uxlashni kim ham xohlamaydi deysiz?
Utter Inn mehmonxonasi (Vesteros, Shvetsiya)
Suv tagida uxlashni xohlaysiz, lekin buning uchun to'laydigan katta mablag'ingiz yo'qmi? U holda Shvetsiyadagi bu mo'jizaviy suvosti kulba ajoyib yechim bo'la oladi!
Utter Inn mehmonxonasi mahalliy rassom tomonidan loyihalashtirilgan. Tashqaridan qaraganda u suvda suzayotgan oddiy shved uyiga o'xshasa-da, lekin suvostida 3 metr chuqurlikda kichik yotoqxona mavjud. Ortiqcha dabdaba va hashamatsiz bo'lgan bu joy ta'til vaqtida ayni muddao bo'ladi. Narxi ham hamyonbop: bir kecha uchun atigi 250$.
Jules’ Undersea Lodge (Ki Largo, Florida, AQSH)
Yana bir hamyonbop variant - Jyul Vern sharafiga atalgan mehmonxona. Puerto-Riko yaqinidagi Florida qirg'oqlarida joylashgan Jules’ Undersea Lodge mehmonxonasi - dunyodagi eng eski suvosti mehmonxonasi hisoblanadi.
Sobiq tadqiqot markazi hisoblangan bu joy jasur sayohatchilar uchun ayni muddao. Asosiy foyega tushish uchun akvalang bilan 6,4 metr chuqurlikka tushish kerak.
Mehmonxonaning shinamgina nomerlari juftliklar uchun juda mos, bundan tashqari bosh oshpazni taklif qilsangiz, u pastga tushib, maxsus taomlar bilan Sizlarni xursand qiladi. Bir kecha tunash narxi 675$ .
Bambu Indah Hotel mehmonxonasi (Bali, Indoneziya)
Balidagi bu mehmonxona suvostida joylashmagan bo'lsa-da, Udang House dan suvostiga qaragan manzara juda ajoyib bo'lganligi uchun uni ham ro'yxatimizga kiritishga qaror qildik.
Shisha oyna orqali qisqichbaqalar hovuzning ajoyib manzarasini kuzatishingiz mumkin. Demak, Siz yotoqning o'zida dengiz hayotini soatlab kuzatishingiz mumkin.
InterContinental Shimao Wonderland (Shanhay, Xitoy)
Shanhay yaqinida joylashgan InterContinental Shimao Wonderland mehmonxona kompleksi hali bitgani yo'q. Lekin qurilish ishlari nihoyalab qolganligi uchun, uni ham ro'yxatga qo'shdik.
Atkins Design dizayn-studiyasi arxitektorlari futuristik, hashamatli mehmonxona kompleksini bunyod qildilar. 370 nomerga mo'ljallangan mehmonxona ikki bosqichli suvosti restoran va nomerlarni o'z ichiga oladi.
Uning maydonida sun'iy sharshara qurilishi rejalashtirilgan, mehmonxona mijozlariga esa suv sport turlari bilan shug'ullanish imkoniyati yaratiladi. Mehmonxona ochilishi shu yilning oxirlariga rejalashtirilgan. Narxlar esa bir kecha uchun 200$dan boshlanadi.
Сообщения из Facebook