Dunyodagi eng antiqa avtobus bekatlari
Dunyodagi eng antiqa avtobus bekatlari
Zamonaviy shaharlarda barcha narsa o‘zining ajoyibligi, kreativligi va noodatiyligi bilan insonlarni hayratga soladi. Bugun sizni dunyodagi eng antiqa avtobus bekatlari bilan tanishtiramiz.

Su Fudzimoto installyatsiyasi

Yaponiyalik yosh dizayner va arxitektor Su Fudzimoto tabiatga uyg‘un holatdagi ajoyib g‘oyalar bilan shug‘ullanadi. Dizayner tomonidan yaratilgan ushbu avtobus bekati oppoq bambuk novdalarini yodga soladi, uning ichiga esa spiral shaklidagi zinalar joylashtirilgan. Bekat haqiqatan ham tabiatga xamohang ko‘rinadi. Zina orqali yuqoriga ko‘tarilgancha atrofni kuzatish imkoni ham bor.

Angliyadagi ulkan soyabon

Tumanli Albion o‘zining yomg‘irli havosi bilan mashhur, shu sababli avtobus bekatlarining biriga ulkan soyabon qurib qo‘yilgani juda ham ajoyib topilmadek ko‘rinadi. Yomg‘ir yog‘ib turgan bir vaqtda ulkan soyabon ostiga transport kutayotgan bir nechta kishi sig‘a oladi. 

Norvegiyaning antiqa tarozisi

Norvegiyada har bir narsaga foyda jihatidan yondoshadilar, shu sababli avtobus bekatlarining biriga vazningizni o‘lchay oladigan tarozi funksiyasi birlashtirilgan. Inson o‘rindiqqa o‘tirgan vaqti tabloda uning og‘irligini aks ettiruvchi raqamlar paydo bo‘ladi. 

Amerika burgerlari

Amerikaliklarning fast-fud mahsulotlariga bo‘lgan muhabbatlari chegara bilmaydi. Shu sababli ham mazkur o‘lkada burgerlar pishirilayotgan ulkan gril shaklidagi bekatni ko‘rib qolsangiz, hayratga tushmang. Menimcha, ushbu g‘oya burgerlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi biror firmaga tegishli.

Kutubxonali bekat

Isroilda kutubxonali avtobus bekatlari mavjud ekani haqida bilasizmi? Kitob javonini yodga soluvchi bekatga kelib o‘zingizga yoqqan kitobni mutolaa qilishingiz va o‘qib bo‘lgach, o‘z joyiga qaytarishingiz mumkin.

Yaponiyaning mevali bekatlari

Yaponlarga hos bo'lgan minimalizm ba’zan bolalarga mos g‘oyalar bilan birlashtiriladi. Shu sababli ham bu o‘lkada nafaqat shisha hamda betondan, balki mevalar shaklini yodga soluvchi rangli bekatlarni ham uchratish mumkin. Bunday bekatda avtobus kutib turgan bolajonlar zerikib qolmasliklari tayin.

BAA texnologiyalari

BAAdagi avtobus bekatlarida texnologiyalar topqirlik bilan namoyish etiladi. Mahalliy sharoitda ob-havo harorati 45 gradusga teng, shu sababli avtobus bekatlarining har biriga konditsionerlar o‘rnatib chiqilgan/

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook