просмотров
Biz jangari filmlarda tansoqchilarni doimo urushib, otishib yurishlariga o’rganib qolganmiz, aslida esa ularning vazifalari umuman boshqacha. Tansoqchilar mijozlarini muhofaza qilishlari uchun ular yurishalari kerak bo’lgan yo’nalishlarning xavfsizligini rejalashtiradilar va tekshiradilar, bino va xonalarni oldindan ko’zdan kechirib chiqadilar, qo’riqlanayotgan shaxsning uchrashmoqchi bo’lgan odamlari haqida ma’lumotlar yig’adilar, yurishlari kerak bo’lgan transportlarni tintib chiqib, ularga safar va marosimlarda hamrohlik qiladilar. Ma’lum sabablarga ko’ra, bularning barchasi o’ta maxfiy holda bajariladi. Quyida ba’zi dunyo rahbarlarining xavfsizlik xizmati va tansoqchilari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.
Vladimir Putin hamda FXX
Federal xavfsizlik xizmati – Rossiyaning kuchli, qudratli va eng maxfiy maxsus xizmatidir. Uning ko’lami va vazifasi haqida faqatgina taxmin qilishgina mumkin. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Rossiyaning Federal xavfsizlik xizmatida 50 ming nafar agent xizmat qiladi.
Bu shaxslar hech qanday ordersiz odamlarni yashirin holda tinglash, tintuv olib borish, fuqarolarni to’xtatish va avtomobillarni musodara qilish huquqiga egadirlar. Ular davlat organlari joylashgan Moskvaning 12 ta ko’chasini nazorat qiladilar, bu yerda yashovchi aholining barchasi kuzatuv ostida (ularning har biri haqida shaxsiy ma’lumotlar yig’ilgan). Biroq eng asosiy vazifa – “birinchi raqamli obyektni” muhofaza qilishdan iboratdir. Sobiq SSSR hamda KGB davridan bu haqda ko’plab mish-mish va uydirmalar yurardi. Shulardan eng ko’plari Putin va uning qiyofadoshlari bilan bog’liq. Go’yoki presidentning qiruvchi samolyot shturvalini boshqargan holda Chechenistonga uchishi yoki batiskafda Baykal ko’lining tubiga tushishi kabi xatarli tadbirlarda qiyofadoshlaridan foydalangan.
Putinning sobiq tansoqchisi Aleksey Dyuminning aytishicha, davlat rahbarining hayotiga xavf soladigan holatlar yetarlicha sodir bo’lgan. Ma’lum bir vaqtlardan keyin ular haqida gapirish mumkin bo’lib qolar, ammo hozir emas (hozircha bu ma’lumotlarning oshkor etilishi qat’iy taqiq ostida). Shunisi ma’lumki, 2001 yildan beri Putinga kamida to’rt marotaba suiqasd uyushtirilgan.
2000 yildan, ya’ni Putin hukumat tepasiga kelganidan boshlab 2016 yilgacha FXX ni sobiq mudofaa generali Yevgeniy Murov boshqargan. 2016 yilning may oyida 70 yoshga to’lishi munosabati bilan iste’foga chiqqan.
Uning o’rnini Dmitriy Kochnev egalladi. Bu insonni “tarjimai holi bo’lmagan shaxs”, deb atashar edi. Chunki Kremlning ham, FXX ning saytlarida ham u haqda hech qanday ma’lumot yo’q edi. Hozirgi kunda esa qisqagina “rezumesi” bor xolos: “1984 yildan 2002 yillar davomida SSSR hamda RF boshqarmalarida faoliyat yuritgan".
Barak Obama hamda AQSH ning Maxfiy xizmati
Taajjubki, ushbu federal agentlik birvarakayiga ikkita turli xil vazifani bajaradi: president va uning oilasini muhofaza qiladi hamda Amerika pullarini qalbakilashtirishga qarshi kurashadi. Rossiyalik hamkasblaridan farqli o’laroq ular rasmiy saytlari orqali o’zlari haqida bemalol ma’lumotlar bera oladilar. Masalan, boshqarmada 3200 nafar maxsus agent, Oq uyning 1300 nafar qo’riqchisi hamda 2000 nafar yana qo’shimcha xodimlar (texniklar, boshqaruvchi va boshqalar) – jami 6500 nafar odam xizmat qilishi haqida ochiq ayta oladilar.
Barark Obama Maxfiy xizmat faoliyati bilan saylovlardan 18 oy avval tanishishga ulgurgan (AQSH tarixidagi boshqa prezidentlikka nomzodlardan ancha avval). Mish-mishlarga qaraganda bu narsa prezidentning rafiqasi Mishel Obamani tinchlantirish uchun qilingan, chunki uning turmush o’rtog’i nomzodlarning ichidagi eng birinchi qora tanli yetakchi edi, shuning uchun ham uning radikal dushmanlari boshqalarnikiga nisbatan ancha ko’p bo’lishi tabiiy edi. Mishel ana shundan xavotirda edi. Keyinchalik uning xavotiri o’z isbotini topdi – xodimlarning aytishlaricha, Obamaning prezidentlik davrida Maxfiy xizmat ko’pgina xatar va tahdidlarning oldini olish uchun bir nech barobar kuchaytirilgan rejimda ishlagan.
Maxfiy xizmat muntazam ravishda eng oldi texnika moslamalari bilan ta’minlanadi: yuz qiyofasini anglay oladigan gadjetlardan tortib, eng so’nggi rusumdagi bronemashinalargacha. Obama harbiy darajadagi zirhli “Kadillak” mashinasida yuradi, uning eshiklarining qalinligi 20 santimetrga teng bo’lib, avtomatik tarzda berkiladi. Bu mashinaning shartli nomi – “Dilijans” bo’lsada, xalq orasida u “Yirtqich”, deb ataladi. Ushbu limuzin ichida prezident tashqi olamdan butkul uzilgan bo’ladi, biroq ishonchli aloqa vositalari orqali istalgan shaxs va mamlakat bilan bog’lana oladi. Mish-mishlarga qaraganda prezident Maxfiy xizmatining o’nga yaqin shunday “Kadellaki” bor.
Biroq inson omili har qanday texnikadan ustun turadi. Shunga qaramay boshqarma agentlari prezident xavfsizligiga putur yetkazishlariga bir bahya qolgan. Masalan, 2012 yilda Amerikaning Kolumbiyadagi Sammitida Obamaning soqchilari o’zlari yashaydigan mehmonxonaga fohishalarni chaqirtirganlar va hattoki giyohvand moddalar ham iste’mol qilganlar. Yengiltabiyat ayollardan biri keyinchalik “agar men terrorchi bo’lganimda, xohlagan ishimni bajara olgan bo’lar edim, chunki bizni chaqirtirgan soqchi-mijozlar bamaylixotir uxlab yotar edilar”, deya ta’kidladi. Aybdorlar darhol ortga qaytarildi, Obama ularni “ahmoq kallalar” derya urushdi, boshqarma esa talabchanlikni kuchaytirdi.
2014 yilda Maxfiy xizmat boshqarmasiga ayol kishi rahbar qilib tayinlandi, bunda undan ham battar voqea sodir bo’ldi. Obama Amsterdamga davlat tashrifi bilan borganida uning uch nafar soqchisi orqaga qaytarib yuborildi. Gap shundaki, ushbu soqchilardan biri haddan tashqari ko’p miqdorda spirtli ichimliklar iste’mol qilib, mast holga keladi va mehmonxona yo’lagida dumalab qoladi. Ikki nafar sheriklari esa uni ichkilikdan qaytara olmaganliklari uchun ishdan haydaladilar.
Huddi shu yilning kuz oylarida yana bir mojaro sodir bo’ldi: bir erkak kishi qo’lidagi pichog’i bilan darvozadan sakrab oshib, hech qanday to’siqlarga duch kelmagan holda Oq uyga kirib bora oldi. Kirish yo’lagidagi signalizatsiya nosozligi uchun ishlamay qolgan. Bostirib kirgan erkak kishi eshik oldidagi ayol soqchini yengib o’tib, banket zalga yo’l olgan. U yerda uni ishdan uyga qaytmoqchi bo’lib turgan agent qo’lga olgan. Bunday mas’uliyatsizliklardan keyin Maxfiy xizmat boshlig’i bo’lgan ayol iste’foga chiqarilgan.
Donald Tramp va “Dengiz mushuklari”
Aytishlaricha, Donald Tramp hali presidentlikka saylanmasidan avval, “oddiy millioner” davridayoq shaxsiy “oxranasi” ga Maxfiy xizmatning sobiq agentlarini hamda Harbiy dengiz Flotiga qarashli “Dengiz mushuklari” nomli nufuzli bo’linmaning jangchilarini yollagan edi.
Harbiy dengiz tayyorgarligini ko’rgan Nyu-York politsiyasining sobiq detektivi Kit Shiller 90 yillardan beri Trampning bosh tansoqchisi hisoblanadi. Aytishlariga qaraganda, u Tramp va uning oilasiga juda sodiq hamda Maxfiy xizmatning faoliyatdagi ko’pgina agentlaridan ancha ustun. Hayotda “yumshoq va mehribon” bo’lgani bilan, ishda “uchar va qattiqqo’l” bo’lgan Shiller ko’pgina mojarolarning markazida bo’lib keladi. Ilk marotaba u professional restler Vins Makmenning Trampga nisbatan hazilomuz tashlanishini to’xtatib qolib, ko’plarning diqqat markaziga tushdi. Oxirgi paytlarda esa u prezidentning antiimmigratsion siyosatidan norozi bo’lganlarni joyiga qo’yib qo’ymoqda.
Сообщения из Facebook