Shoh Jahon va Mumtoz Mahalning muhabbat tarixi hamda Toj Mahal siri
Shoh Jahon va Mumtoz Mahalning muhabbat tarixi hamda Toj Mahal siri
Toj Mahal - Hindistonda qurilgan bo’lib, dunyoning eng buyuk me’moriy obidasi hisoblanadi. Butun dunyodan har yili 5 million odam ushbu arxitektura namunasini tomosha qilish uchun tashrif buyuradi. Sayyohlarni Toj Mahalning nafaqat go’zalligi, balki u bilan bog’liq bo’lgan muhabbat tarixi ham o’ziga jalb qiladi.

Toj Mahal maqbarasi Buyuk Boburiylar Saltanatining namoyondalaridan biri Shoh Jahon tomonidan vafot etgan suyukli rafiqasi Mumtoz Mahalga atab barpo qilingan.

Shoh Jahon

Boburiylar sulolasining vakili bo’lmish Shoh Jahon 1592 yilning 5 yanvarida dunyoga keldi. Jahongir shohning uchinchi o’g’li, otasi tug’ilganda unga Xurram deb ism qo’ydi. 1627 yilda otasi Jahongir shohdan keyin 36 yoshida taxtga o’tirgandan keyin ismini Shoh Jahon deb o’zgartirdi. U juda qattiqqo’l va jur’atliligi bilan ajralib turar edi. Bir necha harbiy yurishlar natijasida saltanatining hududini bir necha barobar kattalashtirishga erishdi. Shoh Jahon o’z davrining enjg qudratli insonlari qatoridan joy oldi. 

U faqatgina harbiy urushlar bilangina chegaralanib qolmadi. Shoh Jahon ko’pgina ilmlarni yaxshi egallagan, ilm-fan va me’morchilikka o’z hissasini qo’shgan, san’at namoyondalarini qo’llab-quvvatlagan, go’zallikni qadrlagan.

Mumtoz Mahal

Mumtoz Mahal 1593 yilda dunyoga keldi. U Jahongir shojning rafiqasi Nur Jahonning akasi hamda saltanat vaziri Abdul Xasan Asaf Xonning qizi bo’lib, tug’ilganida unga Arjumand Bonu Begim, deb ism qo’yilgan. 

Naql qilishlaricha, shahzoda Xurram  Arjumand Bonuni ko’rib, unga mahliyo bo’lib qoladi. U bu qizni shunchalik sevib qoladiki, unga uylanishga qaror qiladi. Asl millati arman bo’lgan bu qiz Jahongir shohning atrofidagi vazirlardan birining qizi va rafiqasining jiyani edi, ya’ni kelib chiqishi ham oqbilaklardan edi. Shuning uchun bu juftlikning nikohiga hech kim to’sqinlik qilmadi. Aksincha, bunday ittifoq taxt vorisining pozitsiyasini mustahkamlar edi, biroq shunga qaramay, ular sevishib turmush qurdilar. Fotiha to’yi 1607 yilda Arjumand Bonu 14 yoshligida bo’lib o’tgan bo’lsada, ba’zi sabablarga ko’ra nikoh to’yi 5 yilga qoldirildi va ular 1612 yilda turmush qurdilar.

Aynan to’y kuni Jahongir shoh keliniga Mumtoz Mahal, ya’ni “saroy javohiri”, deb ism qo’ydi. Bu narsa qizning naqadar go’zal bo’lganligini yana  bir marta isbotlaydi. Saroy shoirlari u haqda shunday der edilar: “Uning chehrasini ko’rib, oy ham uyalib qoladi. U o’z chiroyi bilan yulduzlarning shu’lasini ham so’ndirib yuboradi”.

Mumtoz Mahal Shoh Jahonning uchinchi rafiqasi edi. Tabiiyki, taxt vorisining o’ziga yarasha harami bor edi, biroq u yerdagi birorta ham ayol shahzodaning ko’nglidan joy olib, Arjumandni unutishiga erisholmadi. Ularning 19 yillik turmushlari davomida Mumtoz Mahal turmush o’rtog’i Shoh Jahonga 14 nafar ( 8 ta o’g’il va 4 ta qiz) farzand tug’ib berdi.

1628 yilda Jahongir Shoh taxtga o’tirdi, Mumtoz Mahal esa Hindiston malikasi bo’ldi. Mumtoz Mahal aqlli, zukko va oqila ayol edi, shuning uchun ham u erining yaqin maslahatchisiga aylandi. U hayr-ehsonlari bilan dong taratdi, erini ham beva-bechoralarga yordam berishga chaqirdi. Mumtoz Mahal erining qalbidan chuqur joy egalladi, ular o’z muhabbatlarini she’rlar orqali izhor etar edilar. Shoh Jahon xotinini juda yaxshi ko’rar, hurmatini joyiga qo’yar, uning sharafiga katta tadbir va bayramlar uyushtirar edi. Xotining ishtirokisiz sulton hech qanday davllat yig’ilishini o’tkazmas va hech qaysi davlat xujjatiga imzo chekmas edi. Mumtoz Mahal har bir saroy kengashida qatnashar edi, uning fikri hech qachon inkor qilinmas edi. U eriga shunchalik yaqin ediki, uni harbiy yurishlarida ham birga yonida bo’lar edi. 

Baxtsizlik

Afsuski, Arjumand xonimning eriga nisbatan bo’lgan chuqur muhabbati unga juda qimmatga tushdi. 1631 yilda malika homiladorligiga qaramasdan, erining harbiy safariga birga chiqdi. Uzoq yo’l mashaqqatidan uringan malikaning tug’ruq jarayoni og’ir kechdi va u farzandini dunyoga keltirib, o’zi olamdan ko’z yumdi. Mumtoz Mahal xonim bu paytda sal kam qirqqa yaqinlashib qolgan edi. O’limi oldidan u eriga o’zining sharafiga maqbara qurishini vasiyat qilib qoldi.

Motam

Xotinini jonidan ortiq yaxshi ko’rgan Shoh Jahon uning o’limidan qattiq iztirobga tushdi. Sakkiz kecha va sakkiz kun davomida u xonasidan chiqmadi va hech narsa yeb ichmadi, hech kim bilan gaplashmadi ham. Uning alami shunchalik kuchli ediki, xatto joniga qasd qilmoqchi ham bo’ladi. Buyuk Boburiylar Saltanatida motam naq ikki yil davom etdi. Bu davr mobaynida xalq hech qanday bayramni nishonlamadi, musiqa va raqs ham taqiqlandi.

Suyukli yori va xotini bo’lmish Mumtoz Mahalning o’limini o’ziga qattiq olgan Shoh Jahon xotining vasiyatini amalga oshirishni boshlab, ozgina chalg’iy boshladi. Qayta uylanishdan voz kechdi, hattoki haramidagi ayollarga ham qiziqishini yo’qotdi. Sultonning buyrug’i bilan Mumtoz Mahal xotirasiga bag’ishlab maqbara qurilishi boshlandi.

Toj Mahal

Maqbaraning qurilishi uchun Agra shahri tanlandi. Sultonni Jamna daryo bo’yidagi tabiat manzarasi maftun etdi, shuning uchun u maqbara qurilishi uchun shu joyni tanladi. Suv yaqinida qurilish olib borish ishchilarga qiyinchilik tug’dirar edi, shunga qaramasdan maqbara qurilishi muvaffaqiyat olib borildi.

Maqbara qurilishi

Maqbara qurilishi Mumtoz Mahal xonimning vafotidan yarim yil o’tgach boshlandi. U 1632 yilda boshlanib, naq 12 yil davom etdi. Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, dunyodagi hech bir qurilma, hech bir inshoat bunday katta sarf-xarajatga tushmagan. Xotinining vasiyatini bajarish uchun sulton 32 million rupiy sarf qilgan. Bugungi kunda bu bir necha milliard yevroni tashkil etadi.

Shoh Jahon quruvchilarga xom ashyo va materiallarni tejamasdan ishlatishlarini buyurdi. Binoning ichki va tashqi bezagi uchun quyoshda toblanadigan toza marmardan foydalanilgan. Bu marmarni boshqa maqsadlarda ishlatish taqiqlandi.

Toj Mahal siri

Toj Mahal maqbarasi 1643 yilda muvaffaqiyatli qurib bitkazildi. Uning buyukligi sulton va uning sevgilisi Mumtoz Mahal nomining abadiylashishiga sabab bo’ldi. Shoh Jahon va uning sevgilisi Mumtoz Mahal xonimning muhabbat tarixi maqbaraga tashrif buyuruvchilarga hikoya qilib beriladi. Beqiyos maftunkorlikka ega bo’lgan ushbu maqbara hammani hayratga solishi tabiiy.

Toj Mahalning shuhrat qozonishiga sabab uning noyob chiroyga ega bo’lishini hamda maqbarani qurilishida foydalanilgan optik illyuziyalardir. Gap shundaki, majmua hududiga kirish uchun darvoza oldidagi arkadan o’tish kerak. Arkaga yaqinlashgan sari maqbara uzoqlashganday tuyuladi, tashrif buyuruvchilar arkadan o’tishlari bilanoq ko’z o’ngilarida Toj Mahal namoyon bo’ladi. Maqbaradan uzoqlashgan sari esa u yaqinlashayotgandek tasavvur hosil qiladi, shuning uchun ham bu yerga kelgan mehmonlar Toj Mahalni o’zlari bilan olib ketayotgandek holga tushadilar.

Bino majmuasida minoralar ham bor bo’lib, ularning qurilishida ham kichik bir hiyla ishlatilgan. Bir qarashda bu minoralar tik, ya’ni vertikal holatda qad ko’targandek tuyuladi, aslida esa ular qurilmadan ozgina qiyaroq holda qurilgan. Bu narsa Toj Mahalni zilzila vaqtida vayron bo’lishdan saqlab qoladi. Minoralar balandligi 42 metrni, maqbaraning balandligi esa 74 metrni tashkil etadi.

Mumtoz Mahalning dafn qilingan joyi

Toj Mahalga tashrif buyuruvchilar binoning markaziy qismidagi bosh gumbazni malikaning dafn qilingan joyi, deb hisoblaydilar. Aslida esa Mumtoz Mahalning dafn qilingan joyi maqbaraning tagidagi hududda joylashgan maxfiy marmar zalidadir. Bu narsa bejiz qilinmagan. Maqsad – tashrif buyuruvchilar “saroy javohiri” ning tinchini buzmaslikdir.

Xotima

Suyukli yoridan ayrilgan Shoh Jahonning barcha narsaga qiziqishi so’ndi. Uning saltanat, hokimiyat bilan ishi bo’lmay qoldi, harbiy yurishlarda ishtirok etmay qo’ydi, davlat ishlariga ham ko’p e’tibor bermay qo’ydi. Buning natijasida saltanat o’z kuchini yo’qota boshladi, fitnalar kuchaydi, iqtisodiy krizis boshlandi, isyonlar avj ola boshladi. Taxtni Shoh Jahonning o’g’li Avrangzeb egalladi. 

Shoh Jahon 1666 yilda vafot etdi. U ancha keksayib qolgan, kasalmand edi. Sultonning yana bir orzusi bor edi. U Toj Mahal ro’parasida huddi shunday shaklda faqat qora rangdagi maqbarani barpo qilishni rejalashtirgan edi. Bu maqbara uning o’ziga atalgan bo’lishi kerak edi, biroq bu orzusini amalga oshirish unga yozilmagan edi. Otasining o’rniga taxtga o’tirgan Avrangzeb bu loyihaning amalga oshishiga to’sqinlik qildi va yangi maqbaraning qurilish ishlarini to’xtattirdi. Shunday bo’lsada, Shoh Jahon xotinining vasiyatini amalga oshirib, Toj Mahaldek maqbarani barpo qila olganidan xursand edi.

Bugungi kunda Toj Mahal dunyodagi eng buyuk inshootlardan biri hisoblanadi.  

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook