просмотров
1. Tashqi ko‘rinishga e’tibor berish
Bu ayol kishiga ham, erkaklarga ham birday tegishli. Yillar davomida o‘zingizni turli tashvishlar sabab unutib qo‘ymang. Butun umr yoringiz uchun qiziqarli inson bo‘lishni istasangiz, "Borim shu" qabilida ish qilishga shoshilmang.Turmush o‘rtog‘ingiz bilan ilk uchrashuvlarga qanday tayyorgarliklar ko‘rganingiz yodingizdami? Nima uchun ushbu harakatlarni bugun takrorlab ko‘rmaysiz? Sport bilan shug‘ullaning, turmagingizni o‘zgartirib ko‘ring. Xullas bir yerda to‘xtab qolmang.
2. Yordam qo‘li
Turmush o‘rtog‘ingiz qiziqqan ishlar, kundalik yumushlarga yordam berishni past ketish deb hisoblamang. Ayol kishi juftining sevimli mashg‘ulotlari bilan qiziqishi unga nisbatan bo‘lgan hurmatini oshiradi. Erkak esa haftada bir marta bo‘lsa ham ayolining ko‘nglini ko‘tarish uchun biror uy yumushini bajarib bersa, o‘rtadagi mehr kuchayadi. Buni ana shu ishni qilish kerak bo‘lgani uchungina amalga oshirmang. Balki juftingizning asl yo‘ldoshiga aylanish, kerak ekanligini his qilishi va yolg‘iz emasligini bilib turishi uchun ham qiling.
3. E’tibor
Hayotimizda e’tiborni chalg‘ituvchi narsalar juda ham ko‘p. Bir martagina e’tibor berib ko‘ring-a! Ishdan kelgan erkak darhol televizor qarshisiga joylashadi, ayol esa dugonalarining hayotidagi yangiliklarni bilish uchun telefonning ichiga kirib ketguday bo‘lib o‘zining ham hayoti bor ekanligini unutadi-qo‘yadi! Axir, hayotning har bir daqiqasi g‘animat. Uni bekorchi narsalar uchun emas, yaqinlaringiz va farzandlaringiz, yoringiz uchun sarf qiling. Imkon bo‘lsa ishdan kelib telefoningizni o‘chirib qo‘ying. Oila a’zolaringiz bilan ko‘proq suhbatlashing, ularning hayoti, ishlari, yangiliklari, muammolari, fikrlari bilan qiziqing.
4. G‘amxo‘rlik
G‘amxo‘rlik– emotsional va jismoniy tushunchadir. Oila insonni bezdiruvchi narsaga aylanib qolmasligi kerak. Juftingizning tobi yo‘qmi? Darhol yordam berish uchun shoshiling! Garchi bu oddiygina shamollash bo‘lsa ham. Kayfiyati yo‘q bo‘lsa, shirin so‘z bilan ko‘nglini ko‘taring. Toki yonida ekanligingizni his qilsin.
5. Duo qiling
Umr yo‘ldoshingiz bilan bir umr qo‘sha qarish, ajoyib hayot kechirish va umringizdan rozi bo‘lish uchun chin ko‘ngildan duo qiling. Unga barcha yaxshiliklarni so‘rang, ularning teng yarmi o‘zingizga qaytib keladi axir. Taqdirdan minnatdor bo‘ling, shukrona keltiring. Yoringiz, o‘zingiz vafarzandlaringiz uchun ham hamisha duoda bo‘ling!
Сообщения из Facebook