Ayollar va qizlar uchun: Orzudagi muhabbatga qanday erishish mumkin?
Hech birimiz ayol zotining o‘z turmush o‘rtog‘i uchun mukammal va sevimli bo‘lish haqidagi orzu ila hayot kechirishini inkor eta olmaymiz. Har bir ayol qalbining tub-tubidan jufti haloli uni sevib ardoqlashi, unga xurmat ko‘rsatishi, go‘zalligi va bektakror ekanligini bot-bot takrorlashini orzu qilib yashaydi.

Ayol ruhiyatining ushbu jihatini kengroq yoritish uchun ne-ne allomalar ter to‘kmagan deysiz? Bu borada ko‘plab ruhshunoslar sanoqsiz kitoblar bitishgan, ayol va erkak ruhiyati, o‘zaro munosabatlar tushunchasini o‘rganish uchun harakat qilishgan.  

Nima uchun ayrim ayollar oshiqlarni osonlikcha maxliyo eta oladilar−u, yana ayrimlar buning uddasidan chiqa olishmaydi? Ayollardagi aynan qaysi jihatlar erkaklarni o‘ziga jalb etadi? Erkak kishi sizni sevib qolishi uchun unga qanday yordam ko‘rsatish mumkin? Juftingiz nazdida yagona bo‘lmoq orzusi ila uni qanday usul bilan o‘zingizga ipsiz bog‘lashingiz mumkinligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ushbu savollarning barchasiga javob olishni istasangiz, bizning tavsiyalar siz uchun. 

Orzudagi erkak

Oramizda yoshlik yillari oq otli shaxzoda haqidagi orzularga berilmagan ayolning o‘zi bo‘lmasa kerak - go‘yo u noma’lum bir yerdan paydo bo‘lgancha o‘z qalbi va muhabbatini sizga taqdim etib, muammolardan uzoq-uzoqlarga olib ketadi. Biz barchamiz ana shunday ertaklar ila tarbiya topganmiz. Romantik asarlardagi muhabbat va afsonaviy qahramonlar esa bizni bir zumda o‘ziga maftun etib oladi.

 

Uzoq yillik orzularingizning amalga oshishini niyat qilasiz, sevishi, “siz yurgan tuproqdan bo‘sa olish uchun tayyor bo‘lishi” va barcha emosional talablaringizni bajara olishiga umid bog‘laysiz.

Biza yollar ertaklarga shunchalar bog‘lanib qolganmizki! O‘zimizga ertaklar to‘qib olganimizni qo‘ya turing, undan ham hayratlanarlisi, nozik yuragimiz erkaklar xudbinligi va beparvolik muammolari bilan bir necha bor to‘qnash kelsa-da  ich-ichdan ertaklarga ishonishda davom etamiz.

Ammo ayol nomli nozik hilqatga orzu qilishni ta’qiqlab bo‘lar ekanmi?

Harbirimiz yoshlik yillari mukammal erkak haqida orzu qilamiz−u, unga butkul qarama-qarshi fe’l-atvorga ega inson bilan turmush quramiz. Ha, go‘zal xonimlar, ming afsuski, haqiqiy hayot ideal tushunchasidan juda uzoqda va u bizga kutilmagan sovg‘alarni har daqiqa taqdim etishi mumkin. 

Betakror shaxzodalar ham, romandagi qahramonlar ham aslida mavjud emas. Ammo ming qilsa ham har bir xonim o‘z umr yo‘ldoshining qachonlardir orzu qilgan insoniga o‘xshashini butun umr niyat qilib yashaydi.

Barcha orzularingizni 100 % amalga oshiruvchi erkakni uchratishingiz katta ehtimol ostida. O‘z orzularingizda yaratganingiz kabi sizni telbalarcha va o‘ta nafis tuyg‘ular bilan sevuvchi insonni ming urining, izlab topa olmaysiz.

Garchi, tanishuv chog‘ida ko‘zingizga o‘ta yoqimtoy ko‘ringan bo‘lsa ham, hech qachon o‘zingiz yaxshi bilmagan erkak ishtirokida uzoq kelajak uchun rejalar tuza ko‘rmang. Hattoki o‘z orzuingizdagi insonni uchratganingizga amin bo‘lgan taqdiringizda ham vaziyatni ob'yektiv baholashga harakat qiling.  Shu asnoda erkaklar ruhiyatining ko‘plab sir-asrorlaridan boxabar bo‘lib borasiz. Ularni o‘z bisotingizga olib qo‘ying va umr yo‘ldoshingizga ushbu ma’lumotlar ko‘zgusi orqali nazar tashlang. 

Hayotingizdao ‘z kelajagingizni bog‘lash haqida o‘ylashga majbur qiluvchi erkak paydo bo‘lsa, o‘zingizga quyidagi savollarni berib ko‘ring:

*munosabatlaringizning umumiy kelajagi mavjudmi?

*mana shu inson bilan butun umr yashashga rozimisiz?

*aynan shu inson bo‘lg‘usi farzandlaringizning otasi bo‘lishga munosibmi?

*u bilan o‘rtangizda qalban bog‘liqlik bormi?

*u sizni shaxs sifatida qiziqtira oladimi?

*ushbu inson yoningizda bo‘lganda o‘zingizni barcha narsadan himoyalangandek his etasizmi?

*u sizni baxtli qilishga qodirmikin?

Yuqoridagi barcha savollarga ishonch ila “Ha” deb javob bera olsangiz, tanlangan insoningiz ishtirokida kelajak haqidagi rejalar tuzishingiz mumkin bo‘ladi. Shunda ham biror qat’iy qarorga kelishdan avval o‘zingizni sinchkovlik ila kuzating: balki siz uni haddan ortiq ideallashtirib yuborgandirsiz?!

Bir ko‘rishdagi muhabbat - sevgi degani emas, bu shunchaki o‘sha insonga bo‘lgan yengil qiziqishdir. Asl sevgi chuqur hissiy bog‘liqlik va qalblar yaqinligiga asosida paydo bo‘ladi.

Kimnidir qattiq sevib qolganingizga ishonchingiz komil bo‘lmasa, bu insonning qalbini zabt etishga harakat qiling. Vaqtingiz va kuchingizni faqatgina butun umr birga yashash tayyor insoningiz uchungina sarflashingiz kerak, tushunyapsizmi?

Ayol kishi uchun eng muhimi - sevish va sevimli bo‘lish hisoblanadi. Nozik hilqat vakillarining baxti uchun ham aynan shu ikki holat o‘ta zarurdir. Ayol sevsayu sevilmasa, azob girdobiga g‘arq bo‘lishi mumkin. Agar biror erkak tomonidan sevilgan ayol o‘z qalbini ana o‘sha insonga baxsh etolmasa, ko‘ngil allaqanday bezovtalikka mubtalo bo‘lishi tayin.

Oramizda shunday ayollar borki, ular hech qachon kimnidir seva olmagan. Bu toifa ayollarning deyarli hammasi buni taqdir izmi ila asoslaydilar, ammo bor gap o‘sha ayolning sevish san’atidan mutlaqo bexabar ekanligidadir. Bunday holatda ayol erkak tomonidan mehr-muhabbatga umid bog‘lay olmaydi.

Bu borada har bir ayol o‘zidagi seva olish xususiyatini asta-sekinlik ila rivojlantirib borishi lozim. Muhimi, siz tanlangan inson qalbida sizga nisbatan ham mehr tushunchasi bo‘lishi kerak. Agar shunday insonni uchratgan bo‘lsangiz- taqdirdan minnatdor bo‘lavering. Garchi u mashhur aktyorlar kabi tashqi ko‘rinish yoki sizning didingizga munosib bo‘lmagan fe’l-atvor sohibi bo‘lsa ham, qalbida mehr-muhabbat ko‘rsatish istagi bo‘lsa bas. Sizni sevib qolishi uchun biroz yordam ko‘rsatib yuborsangiz bas. 

Xo‘sh,buning uchun nima qilish kerak deysizmi? Avvalo holatga real baho bering.

 U sizni sevmaydi...

Shu yerga o‘zingizga bir nazar tashlangchi... Axir siz ayolsiz, sizning makringiz qirq tuyaga yuk bo‘lishi mumkin. Har bir buyuk inson ortida buyuk ayol turishi haqida eshitgansiz-a? Demak sevgan insoningizni o‘zingizga mahliyo qilish ham qo‘lingizdan keladi. Buning yutuqlar va kamchiliklar ustida ishlash kerak. Kerak bo‘lsa, psixologik kitoblar o‘qish, bu boradagi bilimlarni kengaytirish, oilali, namunali ayollardan mustahkam muhabbat qanday bo‘lishi haqidagi tavsiyalar so‘rashingiz mumkin. Ammo hech qachon o‘zingizga past baho bera ko‘rmang.

 

Siz uni sevmaysiz...

Qarshingizda barcha ijobiy sifatlarga ega bo‘lgan, sizni sevadigan inson oila qurish taklifini bildirib tursa-yu yuragingiz jiz etmasa nima qilish kerak? Bunday holda aqlga quloq soling. Agar ushbu inson sizni butun umr ardoqlashiga ko‘zingiz yetsa yuqorida tilga olinganidek o‘zingizdagi sevish san’atini rivojlantirishingiz kerak. Sizning sevgingiz aqlga asoslangan bo‘ladi, ammo bu ham yomon emas. Aksincha, ko‘p hollarda bu kabi oilalar juda uzoq va baxtli hayot kechiradi.

Hayollaringizda oq otli shahzoda bor. Uni kutmoqchisiz!

Albatta, har ne desangiz haqsiz. Hech bir qizning malikadan kam joyi yo‘q va haqiqiy shahzodaga munosib u! Biroq taqdir sizga ana shu oq otli shahzodani kamtargina hayot kechiradigan, sizni muammolardan uzoqqa olib ketolmasa ham hamisha yoningizda bo‘la oladigan inson qiyofasida ham taqdim etishi mumkin. Ishoningiz, agar shunday baxt ravo ko‘rilsa, ikkilanmay rozi bo‘lishingiz kerak. Boylik ham, go‘zallik ham, nufuzli ish joyi ham o‘tkinchi! Kun kelib ko‘rkam yoringiz yuzlari istaysizmi yo‘qmi ajinlar bilan qoplanadi, qop-qora sochlariga oq oralaydi. Faqat qalbigina hamon navqiron holatda sizni sevishda davom etadi. Tanlov o‘z qo‘lingizda!

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations