просмотров
Pushkinning ota-onasi farzandini chet ellik tarbiyachi – guvernerga (guverner - murabbiy, tarbiyachi) topshirgan edi. Pushkinning guvernerdan olgani shu bo`ladiki, u yetti yoshga kirganida frantsuz tilida mukammal o`qiy va yoza oladigan bo`lgan. Biroq fransuz tarbiyachilari Pushkin tarbiyasiga foydali ta`sir ko`rsata olmaganlar. Bolalik chog`larida Pushkinda buvisi Mariya Alekseyevna Gannibal chuqur taassurot qoldirdi. Mariya Alekseyevna nabirasini behad yaxshi ko`rgan, unga ko`p vaqtini bag`ishlagan. U yosh Pushkinni rus tilida o`qish va yozishga o`rgatdi, unga ajoyib xalq ertaklarini aytib berdi. Shuningdek, Rossiyaning qadimgi turmushidan jonli hikoyalar aytib bergan. U nevarasiga, ayniqsa, podsho Pyotr Birinchining faoliyati haqida, bobokaloni Gannibal to`g`risida gapirishni juda yoqtirgan edi. Keyinchalik Pushkin rus tarixiga chuqur qiziqish bilan qaragan, hatto tarixiy mavzularda o`nlab asarlarni yaratgan. Pushkindagi tarixga qiziqishning dastlabki urug`larini uning qalbiga buvisi Mariya Alekseyevna ekkan edi.
Krepostnoy ququqi hukmronligi
Rus krepostnoy dehqonlari, uy xizmatkorlari Pushkinning eng yaqin do`stlari edi. Pushkin enagasi Arina Rodionovnani hammadan ham ko`proq sevar edi. Pushkin buvisi va enagasidan eshitgan ertak va qo`shiqlarni umrbod esida saqlab qoldi. Ular Pushkinda ona tili va xalq poeziyasiga muhabbatni uyg`otdi.
Pushkinning o`zi kun bo`yi otasining kutubxonasida bo`lar, boshini ko`tarmay kitob o`qir edi. U o`n besh yoshga qadam qo`yganida rus va fransuz tilidagi ko`p kitoblarni va badiiy asarlarni o`qib chiqib, anchasini yod olgan edi.
Badiiy adabiyotni tinimsiz o`qishi, enagasidan va buvisidan eshitgan ertak va hikoyalari Pushkinda ijodga bo`lgan iste`dodni barvaqt uyg`otdi. U har xil janrlarda qobiliyatini sinab ko`rdi: masallar, she`rlar, doston va komediyalar yozdi.
Aleksandr Pushkin. Sergey Gavrilovich Chirikov. 1810-yil.
Litseyda tahsil olish (1811-1817)
1811-yilda Peterburg yaqinidagi Tsarskoye seloda o`rta va oliy ma`lumot beradigan maxsus o`quv yurti – litsey ochildi. Pushkin 12 yoshga to`lganda amakisi Vasiliy Lvovich uni Moskvadan Peterburgga olib keladi. Yosh Aleksandr qabul imtihonlarini topshirib, mana shu litseyga kirdi.
Bu litsey podsho Aleksandrning buyrug`i bilan nufuzli dvoryanlarning bolalari uchun ochilgan bo`lib, undan podshoning umidi katta edi. Ammo podshoning bu umidlari puchga chiqdi.
Pushkin va u bilan birga o`qishga kirgan o`ttizta o`smir litseyning birinchi talabalari edi. Ular tezda do`stlashib ketishadi.
Litsey yopiq o`quv yurti bo'lgn: tarbiyalanuvchilar litseyda ham o`qir, ham yashar edilar. Litsey o`quvchilari o`qituvchilar bergan bilim bilangina cheklanib qolmay, hayot va odamlar haqida yana ham ko`proq bilim olishni istar edilar. Ular, ayniqsa, adabiy hayot va siyosiy voqealar bilan juda qiziqardilar.
Pushkin o`z o`rtoqlariga hamma vaqt samimiy munosabatda bo`lar, ayniqsa, Ivan Ivanovich Pushchin, Anoton Antonovich Delvig, Vilgelm Karlovich Kyuxelbekerni juda ham yahshi ko'rar edi. Ular keyinchalik rus tarixida salmoqli iz qoldirishdi va umr davomida Pushkinga sadoqatlarini saqlab qolishdi. Delvig, Kyuxelbekerlar she`rlar yozar edi. Bu she`rlar o`quvchilarning gazetalarida va rasmli qo`l yozma jurnallarida chiqarilar edi.
Litsey talabalari ko`plab kitoblar o`qishar va o`qiganlari ustida qizg`in bahslar qilishardi. Pushkin o`qishda ham, bahslarda ham tengdoshlari orasida ajralib turardi.
Pushkinning litseyda o`qigan chog`lari 1812-yilgi Vatan urushining tarixiy voqealariga to`g`ri keldi. Bu voqea butun mamlakatni hayajonga soldi va ko`p kishilarda vatanparvarlik, milliy iftixor tuyg`ularini uyg`otdi.
Pushkin va uning o`rtoqlari litseyda tahsil olayotgan vaqtlaridayoq krepostnoy tuzumning nobopligi va adolatsizligini tushunib olgan ilg`or kishilar bilan tanishadilar.
Сообщения из Facebook