просмотров
Moskvada (1826)
Yo`ldan charchab kelgan Pushkinni to`ppa-to`g`ri podsho huzuriga olib kirdilar. Shu kunlarda Moskvada bo`lgan podsho uning yakka o`zini qabul qildi. Nikolay dastavval Pushkindan shunday deb so`radi: «Agar sen Peterburgda bo`lsang, 14- dekabrdagi voqeada ishtirok etgan bo`larmiding?» Shoir o`ylab ham turmay, to`ppa-to`g`ri javob berdi: «Albatta, davlatpanoh! Mening hamma o`rtoqlarim qatnashgan isyonda men ham ishtirok etmay qolmas edim». Podsho o`zini eshitmaganga solib qo`ya qoladi. Podsho hali Pushkinni xayr-ehsonlar bilan qo`lga o`rgatib olishdan umidvor edi.
Podsho bu uchrashuvda Pushkinni o`z tarafiga tortish maqsadida munofiqlik bilan unga istagan yerda «ozod» yashashga ruxsat berdi. Nikolay I Pushkin bilan so`zlashgan paytda o`zini uning himoyachisi, do`sti qilib ko`rsatishga harakat qildi. Ammo ko`p o`tmasdan u adashganini tushunadi. Buni shoirni ta`qibdan qochirmay, uning ustidan uzluksiz ma`lumotlar yozib turgan ayg`oqchilar ham tasdiqlashadi. «Pushkinning qalami va gap-so`zlari hech qachon hukumat foydasiga yo`naltirilmaydi» deb xulosa chiqarilgan shunday ma`lumotlarning birida, ammo shunda ham podsho «mehribonlik» bilan shoirga homiylik qilishni qo`ymaydi. Lekin bunaqa zo`raki homiylik Pushkinga foydadan ko`ra zarar keltirardi. Chunki podsho adabiyot masalalarida durustroq maslahat beradigan, ijodkorning o`ziga xos tabiatini tushunadigan darajada dono emas edi.
Moskva Pushkinni xursandchilik bilan kutib oldi. Moskvada shoirning ko`pgina samimiy do`stlari bo`lib, ular uning zo`r talantini juda sevar va qadrlar edilar. Lekin Pushkinning do`stlari bilan birga dushmanlari ham bor edi. Moskvadagi to`ralar va boylar unga yomon ko`z bilan qarar edilar.
Pushkin Moskvadagi hayotining birinchi oylaridayoq o`zining erkin emasligini seza boshladi. Jandarmlar ko`z-quloq bo`lib, shoirni hamma vaqt poylab yurar edilar. Uni bir necha martalab tergovga chaqirdilar. Pushkin jandarmlardan so`roqsiz Moskvadan tashqariga bir qadam ham chiqa olmas edi. Jandarm boshlig`i, podshoning shoir orqasidan qo`ygan nazoratchisi graf Benkendorf Pushkinning o`z asarlarini podshoning ruxsatisiz bosib chiqarishi u yoqda tursin, hatto o`rtoqlariga o`qib berishga ham yo`l qo`ymasedi.
Nikolay I va dvoryan aslzodalari Pushkinni «o`z» shoirlariga aylantirish mumkin emasligiga tezda ishondilar. Ulug` shoir samoderjaviyega bo`ysunmadi, dekabristlar yengilgan bo`lsalar ham, Pushkin ularga avvalgiday sodiqligicha qolaverdi. Pushkin Mihaylovskoye qishlog`idan qaytgandan so`ng yozgan she`rlarida dekabristlar ishining g`alaba qozonishiga bo`lgan ishonchini dadillik bilan kuyladi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin. Noma'lum usta gravyurasi
Sargashtalik yillari (1817-1830)
Pushkin surgundan ozod qilingandan keyingi bir necha yil shoirning «sargashtalik yillari» deb ataladi. Haqiqatdan ham hukumat doiralari bilan to`qnashish, rasmiy jurnal tanqidchiligi bilan kelishmaslik, ularning shoir ijodining ahamiyatini tushunmasligi, dekabrist do`stlaridan judolik – hammasi qo`shilib, Pushkinda diqqinafaslik, zerikish, hayotidan norozilik hissini uyg`otadi. Bu yillarni u bir joydan boshqa joyga ko`chish bilan o`tkazadi. U goh Moskvada, goh Mihaylovskoye, goh Peterburg, goh Malinovkada «Tver guberniyasidagi bir tanishining mulkida», goh Ostafyevoda (Moskva atrofida) yashaydi.
Pushkin surgunda g`azablanib yurgan dekabristlar va do`stlarining taqdiri haqida doimo o`ylar edi. Bu uning ijodida ham aks etdi. U «Arion» (1827) she`rida: «O`shaqo`shiqlarni hali ham kuylayman», deydi. «Sibirga maktub» (1827) she`rini do`stlariga yuborib, ularga bo`lgan mehrini bayon etdi. Pushkin hatto podsholikdan ruxsat so`ramay, dekabristlar harakatida ishtirok etganliklari uchun askar qilib Kavkazga urushhga yuborilgan (Rossiya bilan Turkiya o`rtasida urush borar edi) ba`zi do`stlarini ko`rish maqsadida to`ppa-to`g`ri harakatdagi armiya safiga (Arzrumga) jo`nab ketdi. Bu safar uchun Pushkin Benkendorf orqali podshodan hayfsan olgan edi.
Pushkin umrining oxirgi yillari (1830-1837)
1830-yilning bahorida Pushkin Arzrumdan Moskvaga qaytib keldi. Shu yilning kuzida otasining yer-suvi joylashgan Boldino qishlog`iga borib, uch oy turdi.
Shu uch oy ichida u eng ko`p asar yaratdi. «Yevgeniy Onegin»ning VIII va IX boblarini, «Kolomnadagi uy» she`riy qissasini, to`rtta «Kichik fojialar»ini, «Belkin povestlari», «Goryuxin qishlog`i tarixi», talay she`rlar, adabiy-tanqidiy maqolalarini yozdi. Bu asarlarda Pushkin realizmi yanada chuqurlashdi.
Pushkin 1831-yilda Moskavaning go`zal qizlaridan biri bo`lgan Natalya Nikolayevna Goncharovaga uylandi va to`ydan keyin er-xotin Peterburgga ko`chib ketishdi. «Men uylandim, baxtiyorman, - deb yozadi Pushkin do`sti Pletnyovga. – birdan–bir istagim shuki, hayotimda hech narsa o`zgarmasin – bundan yaxshirog`iga erisholmayman». Biroq bu gal ham Pushkin istaganday bo`lmaydi. Peterburgda Pushkin va Natalya Goncharova podsho saroyiga yaqin guruhlar davrasiga jalb qilinadi. Bu davra esa faqat hashamatli ballar, tantanovor kechalar, ziyofatlar bilangina emas, har xil mayda ig`volar, g`iybatlar bilan ham band edi.
Tabiiyki, bunday bo`g`iq muhit havosidan nafas olish Pushkinga malol keladi. Biroq Pushkin o`z ixtiyorini kiborlar muhitining oqimiga berib qo`ymaydi. U yana tinimsiz mehnatga beriladi. Xuddi shu yillarda Pushkin bir qator ertaklar yartadi. «Shoh Sulton va uning azamat o`g`li Gvidon haqida ertak», «Baliqchi va oltin baliq haqida ertak», «O`lik malika va yetti bahodir haqida ertak», «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» kabilar shular jumlasidandir.
Pushkin yana chet ishlar Kollegiyasiga xizmatga olindi va kanselyariyada o`tirish o`rniga ulug` Pyotr tarixini yozish uchun arxivlarda ishlashga ruxsat etildi.
Evgeniy Onegin she'riy romani birinchi to'liq nashrining tiyul varag'i. 1833-yil. Sankt Peterburg
Сообщения из Facebook