просмотров
1833-yilda Pushkin podshoning ruxsati bilan Rossiya bo`ylab to`rt oy safarga jo`naydi va Qozon, Orenturga, Uralsk kabi shaharlarda bo`lib, arxiv materiallari bilan tanishib, Yemelyan Pugachyov harakati haqida ilmiy ish yozmoqchi bo`ldi. Shu niyatini amalga oshirish maqsadida 1833-yilning yoz oylarida Pugachyov harakat qilgan joylarni, uni ko`rgan-bilgan qariyalar bilan suhbatlashib, qo`zg`olon haqidagi ma`lumotlarini boyitdi. U safardan qaytishida Boldino qishlog`ida to`xtab, kuzni shu yerda o`tkazdi. «Pugachyov tarixi» kitobini, «Mis chavandoz» dostonini, «Qarg`a xonim» hikoyasini va bir talay she`rlarini yozdi.
Pushkinni dehqonlar qo`zg`oloni mavzusi ko`pdan qiziqtirib kelar edi. «Dubrovskiy» asari ham shu mavzuda yozildi.
Pushkinning nasriy asarlari ichida «Dubrovskiy» asari alohida o`rin tutadi. Dastavval, Pushkin Dubrovskiy hag`ida roman yozmoqchi bo`lgan, biroq ish davomida bu niyatidan kechib, qissa yozish bilan cheklangan. Asar hajman kichkina bo`lsa-da, mazmunan juda teran. Ma`lumki, Dubrovskiy pomeshchik bo`lsa-da,adolatsizlikka qarshi bosh ko`targan isyonkor odamdir. To`g`ri, uning isyonkorligi bir oz torroq xarakterga ega, u birinchi navbatda, otasi uchun pomeshchik Troyekurovdan o`ch olish maqsadida harakat qiladi, biroq shunday bo`lsa-da, ayrim o`rinlarda uning isyoni kengroq mazmun kasb etadi. Qissa psixologik jihatdan puxta dalillangan, o`tkir syujet asosiga qurilgan, ayni choqda, har qanday sun`iylikdan, zo`rma-zo`rakilikdan xoli. Eng muhimi shundaki, Pushkin butun qalbi bilan Dubrovskiyni mard, olijanob, adoltli odam tarzida ko`rsatadi. Adib o`z qahramoni Troyekurovning qizi Mashaga muhabbatini tasvirlashda ham birinchi navbatda, Dubrovskiydagi ritsarlik xislatlarini alohida ta`kidlaydi.
Yekaterina II buyuk imperator xonimga Mashaning maktubini yetkazib berildi. (Kapitan qizining syujeti bo'yicha) Ivan Osipovich Miodushevskiy asaridan parcha. 1861-yil. Davlat Tretyakov gallereyasi. Moskva. Rossiya
Pushkinning so`nggi asarlaridan biri «Kapitan qizi» qissasidir. Bu qissa 1836-yilning 19-oktyabr kuni yozib tugatilgan bo`lib, Pushkin prozasining eng yaxshi namunasi hisoblanadi. Bu qissa ham tarixiy asar - unda Yemelyan Pugachyov qo`zg`oloni bilan bog`liq voqealar aks etgan. Biroq yozuvchi aynan Yemelyan Pugachyov obrazini asarining markaziga qo`ymaydi. Asarning bosh qahramonlari Orenburg qal`asining komendanti kapitan Mironov, uning rafiqasi Vasilina Yegorovna, zobit yigit Pyotr Grinyov, uning sevgilisi – kapitan qizi Masha Mironovadir. Shuningdek, Pyotr Grinyovning xizmatkori Savelyich ham qissada o`ziga xos o`rin egallaydi. Aleksanr Sergeyevich Pushkin asar personajlarning hammasini yorqin ranglarda, hayotiy bo`yoqlarda tasvirlaydi. Ayniqsa, qissada Pyotr Grinyovning og`ir hayotiy sinovlarda ulg`ayishi, mardona tabiatining shakllanishi yaxshi tasvirlangan – u bizning ko`z o`ngimizda bo`shgina tajribasiz yigitdan xavf-xatarlardan qo`rqmaydigan tadbirkor zobitga aylanadi.
Pushkin Yemelyan Pugachyov obrazini ikkinchi darajali personaj sifatida ko`rsatsa-da, unga o`zining xayrixohligini yashirmaydi. Birinchi marta u bo`ronda adashgan Grinyovni to`g`ri yo`lga solib yuboradi va buning evaziga barinning qimmatbaho po`stini bilan taqdirlanadi. Keyinchalik esa u Pyotr Grinyovni va Masha Mironovani dordan xalos etib, o`zining olijanobligini ro`yi rost namoyish etadi.
Sovremennik adabiy jurnali titul varag'i
Pushkin 1835-yilning oxirida «Sovremennik» (Zamondosh) degan jurnalni nashr etishga ruxsat oldi. U hayot vaqtida chiqqan shu jurnalning to`rt sonida «Kapitan qizi», «Arzrumga sayohat», «Xasis ritsar» asarlari va bir necha she`rlari ham bosildi.
Bu orada Pushkinning boshi ustidagi bulutlar quyuqlasha boradi. Podsho Nikolay I har xil yo`llar bilan shoirni tahqirlashga urinadi, uni kamsitadigan ishlar qiladi. Shu maqsadda u Pushkinga kamer –yunkerlik unvonini beradi. Bu unvon odatda yosh yigi’larga beriladigan unvon bo`lgani uchun, Pushkin buni kamsitishdek qabul qiladi. Shuning uchun shoir g`ururini qo`ldan bermay yozadi: «Men fuqaro bo`lishim, hatto qul bo`lishim mumkin, biroq sira-sira malay va masharaboz bo`lmayman!». Bo`yin egishdan bosh tortish, malay bo`lishni istamaslik tufayli Pushkin bilan kiborlar munosabati borgan sari yomonlashadi.
Umrining oxirgi yillarida Pushkin uchun ijod qilish va yashash tobora og`irlashdi. Shoirning xotini Natalya Nikolayevna Goncharova saroy bazmlarini sevar, kam o`qir, erining ijodi bilan qiziqmas edi. Pushkinning xotini uchun va ko`payib turgan oila a`zolari uchun bo`lgan harajati ham osha bordi. Shoirning daromadi esa oz edi. Buning ustiga Pushkinni yomon ko`ruvchi kiborlar jamiyati unga qarshi hujumni kuchaytirishni davom ettirdilar. Bu hujum usti yaltiroq, ichi qaltiroq gvardiya zobiti Djorj Sharl Dantes chet eldan Rossiyaga kelgan vaqtda ayniqsa avj oldi. Uning shoirning xotiniga odamlar o`rtasida oshkora gap otib yurishi Pushkinning sha`niga isnod keltiradigan g`iyb’atlarga sabab bo`ldi. 1836-yilning noyabr oyida Pushkin imzosiz maktub oladi. Maktub Pushkinni haqorat qilgan, uning nomusini tahqirlovchi iboralarga to`liq edi. Pushkin bu maktubni golland elchisi Gekkeren yozgan deb o`ylaydi va uning tutinggan o`g`li Dantesni duelga chaqiradi. Shoir gap faqat Dantesdagina bo`lmay, balki podsho boshliq butun kiborlar jamiyatida ekanligini yaxshi tushunsa ham, uni duelga chaqirishga majbur bo`ldi. Bundan tashqari, Dantes o`ta surbet odam bo`lib, Pushkinning xotiniga oshkora xushomad qilgan edi.
Сообщения из Facebook