просмотров
Dunyodagi eng ajoyib bozorlar qayerlarda joylashgani haqida bilasizmi?
Bangkokdagi suzuvchi bozorlar
Tailandga sayohat qilish niyatida bo‘lgan insonlar bu yerdagi suzuvchi bozorlar haqida eshitgan bo‘lishlari aniq. Mamlakat hududlari boshqa megapolislar kabi sershovqin klublari va hashamatli restoranlari bilan emas, tay savdogarlarining turli mahsulotlari ortilgan qayiqlar suzib yuradigan antiqa bozorlari bilan nom qozongan. Sayyohlarni bu yerdagi millionlab mahsulotlar ifori o‘ziga jalb qiladi. Osiyoliklarga xos bo‘lgan sokinlik har bir burchakda sezilib turadi - suv ustida ohista chayqalayotgan qayiqlarda savdogarlar o‘z mahsulotlarini sotish bilan birga tanovul qilishadi, farzandlarini o‘zlari bilan birga olib yurishadi, o‘zaro yangiliklar almashishadi. Bu kabi suzuvchi bozorlardan topish mumkin bo‘lmagan narsaning o‘zi yo‘q. Ularda mevalar, liboslar, esdalik buyumlari, issiqqina taomlar ham sotiladi. Bu kabi antiqa bozorga bir bortashrif buyurgan inson uni butun umr yoddan chiqara olmasa kerak.
Suv ustida joylashgan gul bozori, Amsterdam
Niderlandiyadagi mazkur bozor ham suvda joylashgan, ammo bu yerdagi muhit butunlay boshqachadir. Mazkur bozorda ekzotika tushunchasidan asar ham yo‘q, ammo uni o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rish haqiqatan ajoyib taassurotlar olishga sabab bo‘ladi. Minglab gul do‘konlari Singel daryosi bo‘yida joylashgan. Gullarning rang-barang yaproqlari, gollandlarning sevimli guli bo‘lmish lolalar va boshqa ko‘plab turdagi gullarni aynan mana shu yerdan topasiz. Ana’aviy binolar qarshisida joylashgan bozor haddan tashqari chiroyli va noodatiy ko‘rinish hosil qiladi. Bu yerdan kamyob navga tegishli lolalar, sevgilingiz uchun mutlaqo kutilmagan sovg‘a bo‘luvchi guldastalar harid qilishingiz, antiqa do‘konlar qarshisida esdalik uchun suratga tushishingiz mumkin.
Parijning yoyma bozorlari
Bugungi kunda Parijning yoyma bozorlari anchagina zamonaviy ko‘rinish kasb etgan. Bu yerdan Yevropaning antikvar buyumlarini ham, moda olamigategishli bo‘lgan turli narsalarni ham topish mumkin. Do‘konlarning ko‘rinishi zamon talablariga mos ravishda o‘zgargan. Parijning asl go‘zalligini ko‘rish niyatingiz bo‘lsa, Vernezon bozori tomon yo‘l oling. Bozorga 20 asr boshlarida asos solingan bo‘lib, yog‘och tomlar, tor yo‘laklar va buyumlar hilma-hilligi qadimgi Fransiya muhitini his qilishingiz uchun imkon beradi.
Goadagi tungi bozor
Goadagi tungi bozorlarda hind madaniyati va o‘ziga xos an’analar uyg‘unligini ko‘rish mumkin. Bozor savdogarlarning ovozi, savdolashayotgan insonlar shovqini bilan gavjum. Bu yerdan nafaqat arzon mahsulotlar, balki taniqli dizaynerlar tomonidan yaratilgan oliy sifatli liboslar, qo‘l mehnati namunalari, qimmatbaho buyumlar va Hindistonning mashhur taqinchoqlarini harid qilishingiz mumkin.
Сообщения из Facebook