Gandi - yaxshilik va ezgulikning chin qahramoni
Gandi - yaxshilik va ezgulikning chin qahramoni
Maxatma Gandi nomi Hindiston o‘lkasini chuqur hurmat hissi bilan o‘rab turadi, ushbu inson nomini shunchaki tarixiy shaxs sifatida emas, avliyo va ustozlar qatorida tilga oladilar. U butun umri davomida o‘z mamlakatidagi diniy ihtiloflar va zo‘ravonlikka qarshi kurash olib bordi, ona Vatanini ozod qilishga erishdi. Uning kuch ishlatmaslik falsafasi bugungi kunda dunyoning turli burchaklaridan bo‘lgan millionlab insonlarni o‘ziga jalb qilib keladi.

U - zo‘ravonlikva tajovuzkorlikka qarshi faqatgina so‘z kuchidan foydalanib jang qila olgan inson. U Hindiston uchun “Millat otasi”, dunyo uchun esa “Buyuk qalb”ga aylangan shaxs. Bu insonning hayoti muhim voqealar, adolatsizliklar bilan to‘la, ammo u hattoki dushmanlariga ham hurmat bilan munosabatda bo‘la olgan.  

Moxandas Karamchand Gandi 1869 yilning 2 oktyabr kunida Gujarat shtatining Porbandar shahrida tavallud topdi. Uning oilasi Hindistondagi savdogarlar tabaqasi vakillaridan edi. Moxandasning onasi juda taqvodor va dinga berilgan ayol bo‘lib, ibodatlarning hech biriga oddiy yumush sifatida qaramas, ularni chin dildan bajarishga intilardi. Bundan tashqari boshqa hinduiylar kabi ayol ham go‘sht iste’mol qilmasdi, qattiq ro‘za tutardi. Aynan onasi sabab bolakay ham yoshlik yillaridanoq dinni taniy boshladi va bu uning hayotida juda katta o‘rin tutdi. 

Aytish kerakki, an’analarga ko‘ra, Moxandas juda erta oila qurgan. U uylangan paytlari atigi 13 yoshda edi. Rafiqasi Kasturbay xonim ham o‘sha paytlarda 13 yoshda bo‘lgan. Buayol “Millat otasi” ning rafiqasi bo‘libgina qolmay, butun umr unga xizmat qildi, ochlik, haqorat azoblarini yonma-yon yutib bordi, umrining so‘nggi daqiqalariga qadar uning eng yaxshi do‘sti va yordamchisi bo‘lib qoldi. Ular 4 nafar o‘g‘il farzandlar, Xarilal, Manilal, Ramdas va Devdasni dunyoga keltirdilar. 

 

Moxandas 19 yoshlik paytlarida Londonga o‘qishga bordi va bu yerda yuristlik bo‘yicha ta’lim olib qaytdi. 1891 yili o‘qishni tamomlagach esa Hindiston kelib, oradan 2 yil o‘tgach Janubiy  Afrikaga hindlarning huquqlarini himoya qilish uchun bordi. Aynan mana shu paytlarda u “satyagraxa” deb nom olgan kuch ishlatmaslik g‘oyasiga asos sola boshlagandi.

1905 yilda Gandi  o‘z yurtiga qaytdi. Shu paytda Rabindranat Tagor tomonidan unga “Maxatma” - “Buyuk qalb” degan nom berildi. Bunom uning qanchalar betakror inson ekanligiga ishora qilardi.  Moxandas nomni shunchaki qabul qila olmadi va o‘zini ushbu nomga nomunosib sanadi. Ana o‘sha paytlarda Hindistonni Britaniyadan ozod qilish harakatlarini tashkil qila boshladi va buni kuch ishlatmaslik usuli bilan, turli mitinglar orqali amalga oshirdi. Bundan tashqari u Britaniyaning barcha mahsulotlarini boykot qildi. 

Axiyri uning harakatlari o‘z natijasini berdi. U mamlakatni mustaqillik tomon olib bordi, hindlar ozodligi uchun kurashdi, buni hujumlar bilan emas, kuch ishlatmasdan, aksariyat hollarda ochlik e’lon qilib bajardi. U insonlarning buyuk siymosiga aylanib qoldi.

1948 yilning 30 yanvar kuni tungi ibodatni bajarish uchun uyidan tashqariga jiyanining xamrohligida chiqqan Gandi atrofdagi ko‘plab muxlislarini ko‘rdi. Ana shu shovqin-surondan foydalangan Natxuram Godze ismli shaxs Gandiga yaqinlashib, unga 3 marta o‘q uzdi. Uchinchi o‘q Gandini o‘lim bilan to‘qnashtirdi, o‘lim oldidan esa u o‘z diniy ta’limotiga ko‘ra “O, Rama!” so‘zlarini takrorladi. Millat otasiga aylanib qolgan, hech bir insonga nisbatan kuch ishlatmagan holatda mamlakatni mustaqillik darajasiga qadar olib chiqqan bu odam kechirimli bo‘lishga barchani da’vat etib kelar edi. O‘limi oldidan ham ko‘zlarini ochib, qo‘llari bilan qotilni kechirganligiga ishora berdi va jon taslim qildi. 

U shunchaki oddiy siyosatchi emas, buyuk faylasuf ham edi. Ushbu so‘zlar esa gapimizning yaqqol isboti bo‘la oladi.

1.     Avvaliga seni payqamaydilar, keyin ustingdan kuladilar, undan so‘ng sen bilan kurashadilar. Shundan keyin esa g‘olib bo‘lasan.

2.     “Jonga - jon, qonga - qon” qabilida ish tutish dunyoni ko‘r qiladi.

3.     Kechirish - kuchli insonlarning sifati. Ojiz insonlar hech qachon kechirmaydilar.

4.     Ozodlik o‘zida xato qilish erkinligini jo qilmagan bo‘lsa, uning qadri hech narsaga teng emas.

5.     Shaxsiy tajribaning bir grammi boshqalarning tonnalab nasihatidan qimmatroq.

6.     Bu hamisha men uchun sir bo‘lgan: insonlar huddi o‘zlari kabi kimsalarni yerga urib, yana qanday o‘zlarini hurmat qila oladilar?

7.     Baxt bu - o‘ylayotgan, gapirayotgan va qilayotgan narsalaringizning o‘zaro uyg‘un bo‘lishidir.

8.     Maqsadni top - imkoniyatlar ham topilaveradi.

9.     Yashashning yagona usuli - boshqalarning yashashiga qo‘yib berishdir.

10.   Men insonlarning faqat yaxshi tomonlariga umid qilaman. O‘zim ham gunohsiz emasman, shu sababli boshqalarning xatolariga e’tibor berishga haddim sig‘maydi.

11.   O‘zining donishmand ekanligiga ishonish - dononing ish emas. Shuni unutmaslik kerakki, kuchlilar o‘zlarining ojiz ekanliklarini namoyon qiladilar, donolar esa xatoga yo‘l qo‘yishadi.

12.   Vijdon ishi ko‘plab ovozlar bilan hal qilinmaydi.

13.   Nafratni muhabbat, yolg‘onni haqiqat, zo‘ravonlikni esa sabr bilan yengib o‘ting.

14.   Bir insonga mumkin bo‘lgan narsa -boshqalarga ham shunday.

15.   Mening ruxsatimsiz hech bir inson menga zarar yetkaza olmaydi.

16.   Haqiqiy go‘zallik - qalb tozaligidir.

17.   Dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lsang, ana shu o‘zgarish o‘zing bo‘l!

18.   Inson - o‘z hayollarining mahsulidir. U nimani o‘ylasa, aynan shunga aylanib boraveradi.

19.   Kuch - tanadagi mushaklar sonida emas, qo‘rquvning yo‘q ekanligidadir.

20.   Men shunga aminmanki, dunyoni muhabbat ushlab turadi. 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook