просмотров
XIV – XVII asrlarni “og’u davri “ deya atash mumkin. Bu davr honimlari zaharli margimushdan go’zallik vositasi sifatida foydalanganlar. Margimush yordamida ko’z va yuzga jilo berishgan, terini oqartirishda ishlatgan. Ammo bu zaharli moddadan bir marotaba foydalangan ayol umrining so’ngiga qadar foydalanishga majbur bo’lgan. Aks holda, hayot bilan vidolashgan.
1700 yilda go’zallik olamida qo’rg’oshinli upa atamasi paydo bo’ladi. Bu davr ayollarining go’zalligi tekis va oq tusli terisi bilan o’lchangan. Shiddat bilan ommalashgan qo’rg’oshinli upa maftunkorlik bilan birga, miya shishi, falajlik kabi dardlarni o’z ortidan ergashtirib kelgan.
Nigohlarga fusunkorlik bag’ishlash niyatida honimlar ko’zllariga belladonna (zaxarli o’tsimon o’simli) suvidan tomizishgan. Bu og’u ko’z qorachiqlarini kattalashtirib, nigohlarda maftunkor joziba paydo qilgan bo’lsada, biroq, xotimasi aksar hollarda ko’z nurining bir umirga yo’qolishi bilan yakunlangan.
O’tgan asrning 30-yillarida mashxurlik cho’qqisiga ko’tarilgan “Thoradia” kosmetika markazi mahsulotlari tarkibida xlorli toriy va bromli radiy mavjud edi. Bu komponentlar husnbuzar, yog’li yaltirash va ajinlarni bartaraf etish hususiyatiga ega bo’lgan. Radiatsiya zarari haqidagi ovozalardan so’ng kremlar tarkibidan radiy olib tashlangan.
Angliyada XIX asrda urfga kirgan krinolin (pastki keng yubka) 1860-1870 yillar orasida 3000 dan ortiq ayolni dunyodan bevaqt ko’z yumishiga sabab bo’lgan. Bu davrda uylar shamlar bilan bezatilgan. Krinolin kiygan ayollar esa olovga tegib ketgani zahoti tirik ma’shalaga aylanib qolgan. Bir zumda yonuvchi krinolin tirik qolish uchun zarracha imkon qoldirmasdi.
Ba’zi hollarda krinolin ayollar hayotini saqlab ham qolgan ekan. Joniga qasd qilish maqsadida ko’prik ustidan sakragan ayolga krinolin parashyut vazifasini bajargan. Vasvasaga tushgan ayol suvga eson-omon “qo’nib” olgan.
XIV-XVII asrlarda o’rta asrlar Yevropasida parik ustiga gul, yelkanli kema va hatto tegirmon ko’rinishidagi bezaklarni taqib yurish ayollar orasida urfga kiradi.
1773 yili osmonda paydo bo’lgan kometadan ta’sirlangan ayollar sochlarini kometa ko’rinishini eslatuvchi uzunchoq shaklda turmaklashga kirishib ketadilar.
Sochlarni yangi uzilgan gullar bilan turmaklash ommalashgan paytda guldasta tez so’lib qolmasligi uchun sochlar orsiga suv to’ldirilgan guldon ornatilib, uning ichiga guldasta solingan va turmak o’z nihoyasiga yetqazilgan. Honimlar soch turmagiga zarar yetkazmaslik uchun karetada o’tirib emas, tizzalab ketishga majbur edilar.
Tarixiy manbaalardan keltirilgan bu kabi qiziqarli va bir muncha hayratlanarli ma’lumotlar qatorida plastik jarrohlikka ruju qo’ygan va go’zallik uchun o’zini har ko’yga solayotgan zamonamizning ayrim ayollarini ham eslab o’tish joiz.Tabiat ato etgan husnga shukronalik keltirish o’rniga jismni turli yot moddalar bilan to’ldirib, tana a’zolari shaklini ehtiyojsiz o’zgartirishga urinayotgan va go’yo “go’zallik”ka erishayotgan ayollar ham kelajak avlodlarni huddi shunday hayratga solsa ajab emas.
Сообщения из Facebook