Kariyes qanday paydo bo‘ladi va unga qarshi qanday kurashish mumkin?
Kariyes qanday paydo bo‘ladi va unga qarshi qanday kurashish mumkin?
Durdek oppoq tishlar inson qiyofasiga go‘zallik bag‘ishlashi bor gap. Ammo ularning hamisha chiroyli va sof holatda bo‘lishi uchun inson butun umri davomida tishlar salomatligiga katta e’tibor berishi kerak. Aksariyat insonlar tish shifokoridan qattiq qo‘rqqanlari uchun ham yillar davomida tishlar salomatligini nazorat qilish tushunchasiga befarqlik bilan qaraydilar, oqibatda tishlarga husniga kariyes rahna soladi.

Kariyes aslida nima?

Kariyes og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarining eng ko‘p tarqalgan turi bo‘lib, oddiy til bilan aytganda uni tish to‘qimalariga zarar yetkazuvchi infeksiya deya atash mumkin.

Og‘iz bo‘shlig‘ida mavjud bo‘lgan bakteriyalar tishlar atrofida yig‘ilib qoladi, oqibatda tish karashi paydo bo‘lishiga olib keladi. Tish karashi shakar, shirin suyuqliklar va boshqa moddalar bilan o‘zaro ta’sirga kirishgan vaqtida kariyes yuzaga keladi. Avvaliga u faqatgina tish emaligining ustki qatlamini zararlaydi, keyin esa dentinga qadar yetib boradi. Agar kariyes pulpaga qadar yetib borgan bo‘lsa, bemor kuchli og‘riq hissini tuyadi. 

Kelib chiqish sabablari

Kariyes kelib chiqishining asosiy sababi insonning noto‘g‘ri tanlangan turmash tarzi hisoblanadi.  Tamaki mahsulotlari, shirinliklar, gigiyenaga amal qilmaslik tishlar salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi.

Shirinliklarni haddan tashqari ko‘p miqdorda tanovul qiladigan insonlar kariyes muammosiga boshqalarga qaraganda ko‘proq duch keladilar. Tishlar sog’lom bo’lishi uchun ularni har kuni ikki martadan tozalab yurish zarur. Tozalash jarayoni bir necha daqiqani tashkil qilishi kerak. Shuningdek, tishlarni maxsus iplar, chayish suyuqliklari bilan ham tozalash tavsiya etiladi.

Bundan tashqari har yili ikki marta tish shifokoriga qabuliga borish haqida ham unutmaslik lozim. Tajribali shifokor kariyesni ilk bosqichlaridayoq aniqlab, davolash jarayoni bilan shug‘ullanadi. Shunda infeksiya tish asablariga qadar yetib bormaydi va o‘z vaqtida bartaraf etiladi.

Tishlarni shoshilmasdan, milklardan tish uchiga qarab tozalash tavsiya etiladi. Tish cho‘tkasini esa har 3 oyda bir marta almashtirish kerak bo’ladi.

 

Ko‘pchilikni bir savol qiziqtiradi: tishlarni nonushtadan avval tozalash kerakmi yoki nonushtadan keyin? Gap shundaki, uyqu vaqtida og‘iz bo‘shlig‘ida ko‘plab zararli bakteriyalar yig‘ilib qoladi. Shu sababli tishlarni nonushta oldidan ham, undan keyin ham tozalab olgan ma’qul. 

Kariyesga qarshi kurashishning yana bir usuli shirinliklarni bir o‘zini emas, boshqa turdagi yeguliklar bilan birga tanovul qilishdir. Shuningdek, limon va nordon olmani ham haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish mumkin emas. 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook