просмотров
Jon Kennedining karyerasi 1946 yilda boshlandi. Avvaliga demokrat Kennedi 1953 yilga qadar AQSH Kongresi vakillari Palatasining a’zosi etib tayinlandi. So’ngra 1960 yilgacha Massachussetsning senatori lavozimida ishlab keldi. 1960 yilning 13 iyulida uning nomzodi demokratlar tomonidan AQSH prezidenti lavozimiga qo’yildi. 1960 yilning 8 noyabrida esa Kennedi ovozlar soni bo’yicha Richard Niksondan o’zib ketib, tarixda eng yosh AQSH prezidenti hamda eng birinchi katolik president bo’ldi.
Kennedi shajarasi achchiq qismat ta’qibiga uchradi, desa mubolag’a bo’lmaydi. Jon Kennedi (o’ngda) Dallasda boshining orqa qismidan o’q yeb halok bo’ldi, uning akasi Robert Kennedi (chapda) ham 1968 yilda otib o’ldirildi, Ted Kennedi (o’rtada) esa “Kennedilar balosi” tamg’asidan omon qolib, 77 yoshgacha yashab, qarilik gashtini surishga ulgurdi. U miya o’simtasisaraton kasalligidan vafot etdi.
Jaklin hamda Jon Kennedi 1952 yilning may oyida tanishdilar. Dallasda bo’lgan safarida Jaklin uning yonida bo’lgan. Birinchi xonim turmush o’rtog’ini otishganligini darrov fahmlab yetmadi – o’q tovushini u motitsiklning tovushi, deb tushundi. Yaralangan prezidentni Parklend gospitaliga yetkazdilar. Jaklin operatsiya xonasiga kirish istagini bildirdi va president shifokoriga: “Uni ko’z oldimda otishdi. Men qonga bo’yaldim. Bundan ortiq nimaham bo’lishi mumkin?! Erim o’lim bilan olishayotgan paytda uning yonida bo’lishim kerak”, deb aytdi.
Prezidentning o’ldirilishi bo’yicha tergov ishlarini Edgar Guver boshchiligidagi FTB (Federal Tergov Byurosi) hamda Uorren komissiyasi o’z bo’yniga oldi. Kommisiyaning tergov natijalari 1964 yilning sentyabr oyida e’lon qilindi. 1979 yilda Kongressning maxsus komiteti natijalarni qayta tekshiruvdan o’tkazib, shunday xulosaga keldi – tergovning prezident o’ldirilishi bilan bog’liq bo’lgan bo’lgan qismida tergovchilar a’lo darajada ish olib borganlar, biroq jinoyatning sabablariga keraklicha e’tibor qaratmaganlar.
Jon Kennedi o’lganidan keyin Jaklin turmush o’rtog’ining qoni tekkan pushtirang kuylagini yechishdan bosh tortdi. Kennedining jasadini Vashingtonga olib borishi kerak bo’lgan samolyot bortida Lindon Jonson prezidentlik lavozimiga kirish uchun qasamyod qilayotgan vaqtida ham Jaklin uning yonida aynan ana shu kuylagida turar edi. “Jonni qay ahvolga solishganini hamma ko’rishini istayman”, deb izoh berdi bu ishiga Jaklin.
Jon Kennedining o’ldirilishi bo’yicha tergov ishlarini olib borgan Uorren komissiyasi quyidagi xulosaga keldi: 1963 yilning 22 noyabrida Li Xarvi Osvald Texas shtatining Dallas shahridagi kitob omborxonasining oltinchi qavatidan turib prezident mashinasiga qarab 5,6 soniya ichida uch marotaba o’q uzgan.Ushbu o’q uzishlar natijasida Prezident Kennedi halok bo’lgan, Texas gubernatori Konnalli og’ir, yo’lovchilardan biri esa yengil yaralangan. Bundan keyin Osvald mahalliy politsiyachini ham otib o’ldirgan. Komissiya Osvald “hech kimning yordamisiz va maslahatisiz yakka holda harakat qilgan”, degan xulosaga keldi.
Li Xarvi Osvald sobiq dengiz askari bo’lib, Jon Kennediga o’q otilgandan 40 daqiqa keyin o’ldirilgan politsiyachining qotili sifatida gumonlanib, hibsga olingan. Ayblanuvchi o’z aybini tan olmadi. Oradan ikki kun o’tgach uni Dallas shahar qamoqxonasiga ko’chirishga qaroq qilishdi. Mazkur jarayon to’g’ridan-to’g’ri efirga uzatildi. Soat 11:21 da Dallasdagi tungi klub egasi Jek Rubi olomon ichidan chiqib, Osvaldning qorniga qarab o’q uzdi. Ikki soatdan so’ng prezident Kennedi vafot etgan kasalxonada Osvaldning o’zi ham jon taslim qildi.
Uorren komissiyasi Osvald nima sababdan bu qotillikni sodir etganligini aniqlay olmadi. Komissiya a’zolari "U o’zining nomini tarixda “buyuk inson” sifatida muxrlanib qolishini istagan bo’lishi mumkin”, degan taxminni ilgari surdi. Yana bir taxminlardan birida aytilishicha, Osvaldning marksizm va kommunizm g’oyalarini qo’llab quvvatlashi va ularga amal qilishi ham qotillikka undagan bo’lishi mumkin. Bu hamda boshqa bir qator omillar Li Xarvi Osvaldda prezident Kennedini o’ldira oladigan xarakterni shakllanishiga turtki bo’ldi.
Prezident Kennedini kim o’ldirganligi haqidagi baxslar hanuzgacha davom etib kelmoqda. Gumondorlar orasidan Fidel Kastro, AQSH mafiyasi, MRB (Markaziy Razvedka Boshqarmasi), Edgar Guver, Lindon Jonson, maxfiy xizmat va boshqalar o’rin olgan. Amerikaliklarning ko’pchiligi mazkur jinoyat bilan shug’ullanib, AQSH ning sobiq dengiz askari Li Xarvi Osvaldni qotilllikda ayblagan Uorren komissiyasining xulosalariga ishonishdan bosh tortdilar. AQSH ning hozirgi kundagi davlat kotibi Jon Kerri ham bu xulosani tan olishni istamaydi. “Men hanuzgacha Li Xarvi Osvald yakka holda harakat qilganligiga ishonmayman”, deb aytadi u.
Jon Kennedining o’ldirilishini uning o’rniga prezidentlik kursisiga o’tirgan vitse-prezident Lindon Jonson uyushtirgan bo’lishi mumkin, degan taxminlar ham bor. Lindonni bu jinoyatni uyushtirishiga faqatgina hukmdorlikka intilish emas, balki o’z-o’zini saqlash instinkti ham sabab bo’lgan bo’lishi mumkin. Gap shundaki, vitse-prezident korruptsiyada gumonlanayotgan edi. Prezidentning Dallasda o’ldirilishi ham tasodif emas. Lindon Jonson Texasda tug’ilib, o’sgan bo’lib, Dallas politsiyasi uning nazoratida edi, bu narsa esa unga dalillarning bir qismini berkitishga yordam berishi mumkin edi.
Boshqa bir taxminda aytilishicha esa, Jon Kennedining o’limi fojiali tasodif bo’lishi ham mumkin. Tasodifiy qotil esa – fojia ro’y bergan kuni Kennedi limuzinining ketidan borayotgan, prezident va uning oila a’zolari hamda AQSH ning yuqori lavozimidagi amaldorlarining muhofazasi bilan shug’ullanuvchi maxfiy xizmat agenti Jorj Xikki bo’lish ehtimoli ham bor. Gap shundaki, Osvald o’q uzganidan keyin prezidentni qo’riqlayotgan agent Xikki uni himoya qilish maqsadida javob qaytarib, o'q uzgan.
Kennedini Amerika mafiyasi o’ldirgan, degan taxmin ham mavjud. Mazkur izoh tarafdorlarining fikrlaricha, ushbu qotillikni mafiyaning “cho’qintirgan otasi” maqomiga ega bo’lgan Karlos Marsello, Santo Trafikante va Sem Jiakanalar uyushtirganlar. Asosiy sabab esa – Jon Kennedi AQSH mafiyasiga qarshi urush e’lon qilganidir.
Prezidentning dafn marosimi 1963 yilning 25 noyabrida bo’lib o’tdi. Uni tashkillashtirishni shaxsan Jaklin Kennedi o’z bo’yniga oldi.Kennedining jasadi solingan tobut Vashingtonga yetib kelganida Jaklin o’z barmog’idagi nikoh uzugini yechib, uni turmush o’rtog’ining qo’liga solib qo’ydi hamda yordamchisiga qarab: “Endi mening hech narsam yo’q”, deb qo’shib qo’ydi.
Kennedi bilan xayrlashish uchun 800 mingdan ziyod odam tashrif buyurdi. Dafn marosimining boshida Jaklin Kennedi hamda prezidentning aka-ukalari Robert va Edvard ketib borar edilar. Prezidentning bolalari orqaroqda limuzinda borar edilar. Jon Kennedi Arlington milliy qabristoniga dafn etildi. Tobut yerga tushirilganida Jaklin qabr ustida mangulik olovini yoqdi. Dafn marosimi televideniyening uchta umummilliy kanallari orqali to’g’ridan-to’g’ri namoyish etildi.
Osvaldning qotilligi shubha ostiga qo’yilishiga “sehrli o’q” muammosi sabab bo’ldi. Gap shundaki, komissiya tekshiruvlarining xulosalariga ko’ra, bir o’qning o’zi Kennedi boshining orqasiga tegib, so’ngra trayektoriyasini o’zgartiradi va oldi o’rindiqda o’tirgan senator Konnalliga kelib tegadi. Ekspertlarning bergan ma’lumotlariga ko’ra, Osvaldning uchtadan ortiq o’q otishga vaqti yo’q edi. Shunday ekan, “sehrli o’q” voqeasi yana bir o’qchi bo’lgan bo’lishi mumkinligini izohlaydi (bu esa agent Jorj Xikkining ham aloqasi bor, degan taxminni ilgari suradi).
Kennedining o’limida kim aybdor, degan savol mana 55 yildan beri yozuvchilar, rassomlar, musiqachilar hamda kinorejisyorlar ijodining mavzusiga aylanib kelmoqda. Ushbu mavzudagi ilk kitob – Uilyam Manchesterning romani bo’ldi. Bu romanni yozishni prezidentning bevasi - Jaklin taklif qildi. Kitobdan tushgan gonorarning barchasi – 5 mln$ - Kennedi nomidagi Kutubxona fondiga o'tkazildi. 2011 yilda esa Stiven Kingning “11/22/63” nomli romani haqiqiy shov-shuvga aylandi. Qandaydir bir qahramon Li Xarvi Osvaldni to’xtatib qola olganida, voqealar qanday tus olgan bo'lar edi – asar ana shular haqida hikoya qiladi.
2013 yilda AQSHning 35 prezidenti Jon Fitsjerald Kennedining Dallasda o’ldirilganligiga 50 yil to’lishi munosabati bilan Skyhorse Publishing ushbu qotillik haqida yozilgan 25 xil kitobni nashr qildi.
Amerika tarixida hech bir voqea 35 prezidentning o’ldirilishi kabi keng ekranlashtirilmagan. Mazkur voqeaga asoslanib, bir necha filmlar suratga olingan, 50 ga yaqin badiiy filmlar yoki seriallarda esa ushbu fojia motiv qilib olingan. 2017 yilda Gollivud kinostudiyasi tomonidan “Jeki” nomli film suratga olindi, unda Jaklin Kennedining erining o’limidan keyingi dastlabki kunlari tasvirlanadi.
Сообщения из Facebook