“Napoleon” torti: paydo bo‘lish tarixi va batafsil fotoretsept
“Napoleon” torti: paydo bo‘lish tarixi va batafsil fotoretsept
Fransiya va Italiyada ushbu shirinlikni Millefeuille deb ataydilar. Uning nomi “1000 ta qavat” degan ma’noni anglatadi. Angliyada esa mazkur tortga Vanilla slice deya nom berganlar. “Napoleon” torti butun dunyoga dong taratgan eng mashhur shirinliklardan biri sanaladi. Krem singdirilgan ko‘p qavatli tort ko‘p yillardan beri nafaqat kundalik, balki bayram dasturxonlarini ham bezab keladi.

Uning paydo bo‘lish tarixiga doir tahminlar turlicha: ushbu tahminlar uning turli joylarda va turli odamlar tomonidan yaratilgani haqida so‘zlaydi. 

Fransuz afsonasi

Afsonalardan biriga ko‘ra, Napoleon Bonapartning saroyida juda makkor oshpaz yashagan. U imperatorning sevimli oshpazi bo‘lishni orzu qilardi. Shu tariqa uning yonida obro‘ orttirish uchun avval hech kim tayyorlab ko‘rmagan va butunlay noodatiy yegulik pishirishga qaror qiladi. Oshpaz makkor reja tuzadi va fransuzlarning galeta pirogini sotib olgancha uni o‘rtasidan ikkiga bo‘ladi. Keyin esa ustiga qaynatma krem surtib, yangi g‘oyani “Napoleon” degan nom bilan dasturxonga uzatadi. Oshpaz shu tariqa imperator va saroy amaldorlarining nazariga tusha olgan ekan. 

Bonapart g‘oyasi

Afsonalarning yana biriga ko‘ra, retsept Napoleon Bonapartning shaxsan o‘ziga tegishli. Unda aytilishicha, kunlarning birida Jozefina Napaleonni tanish freylina bilan ko‘rib qoladi. Imperator esa o‘zining vafodor ekanligini isbotlash maqsadida antiqa shirinlik o‘ylab topgani va bu freylinani ajoyib retseptni yodlab olishi uchun chaqirganini aytadi. Jozefina imperatordan agar gapi rost bo‘lsa shirinlik retseptini aytib berishini talab qiladi. Napaleon esa shu zahoti tiliga kelgan masalliqlarni birma-bir sanab, shirinlik pishirish usulini ixtiro etadi. Jozefina retseptni amalda sinab ko‘rish vazifasini saroy oshpaziga topshiradi, shu tariqa mashhur tort dunyo yuzini ko‘radi. 

Afsonalarning yana biri

“Napoleon” tortiga tegishli tahminlarning barchasi shuning o‘zi bilan tugamaydi. Aytishlaricha, mashhur shirinlikni 1912 yilda Moskvada ilk bor tayyorlaganlar. Tort birinchi marta Bonapart qo‘shinlarining Rossiyadan quvib chiqarilishi sharafatiga tayyorlab ko‘rilgan. Birinchi shirinlik uchburchak shaklda tayyorlangan bo‘lib, u Napoleonning mashhur bosh kiyimi shaklini yodga solgan. Shirinlik shu zahotiyoq mashhur bo‘lib ketgan, ammo oradan vaqt o‘tishi bilanilk ko‘rinishi to‘rtburchak shakliga o‘zgargan. 

Bugungi kunda “Napaleon” torti qandolatchilik sohasidagi klassik tushunchalardan biriga aylangan. 

Tayyorlanish usuli:

Kerakli masalliqlar:


695 gr sariyog‘

595 gr un

185 gr suv

0,25 choyqoshiq sirka

bir chimdim tuz

10 dona tuxum sarig‘i

500 ml sut

2 oshqoshiq kraxmal

150 gr shakar

1 banka quyultirilgan sut (qaynatilgani)

Sariyog‘ mikser yordamida ko‘pirtiriladi va uning ustiga oz-ozdan unning yarmi solib boriladi. Aralashma plyonka ustiga joylanadi va yoyib chiqiladi. Plyonka bir necha bor buklangach, 2 soatga sovutgich ichiga joylab qo‘yiladi. 

Un va sariyog‘ o‘zaro uvoqlab olinadi. Aralashma ichiga suv, sirka va tuz qo‘shiladi. Xamir plyonka ustiga joylashtirib, yupqa yoyiladi va sovutgich ichiga solib qo‘yiladi. 

Xamir bir necha bor buklab chiqiladi va qaytadan sovutgich ichiga joylanadi. 

Tingan xamir un sepilgan stol ustida yoyiladi. Yoyilgan xamir bir necha bo‘lakka bo‘lib chiqiladi. 

Korjlar 220 daraja haroratda 20 daqiqa pishiriladi. 

Krem uchun tuxum sarig‘i, kartoshka kraxmali, shakar, sut, sariyog‘, quyultirilgan sut va tuz kerak bo‘ladi. Sut qaynash holatiga keltiriladi, tuxum sarig‘i shakar va kraxmal bilan aralashtiriladi. 

Massaliqlar ustidan sut quyiladi. Keyin esa massa qaytadan olov ustiga qo‘yiladi va past olovda qaynatib olinadi. 

Krem ichiga sariyog‘, tuz va quyultirilgan sut qo‘shiladi. 

Har bir korj qo‘l bilan bir nechta qavatga ajratiladi va orasiga krem surtib ustma-ust taxlanadi. 

Korjdan qolgan uvoqlar tortning yon tomoniga sepib chiqiladi. 

Tayyor tortning ustki qismi krem hamda shokolad yordamida bezatiladi. 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook