просмотров
Oshxona rakovinasini tozalashda tirik tuz yoki kir yuvish kukunidan foydalanish mumkin. Rakovinaga 3-4 kun qaynoq suv quyilsa yoki 0,5 stakan soda va shuncha miqdorda tuz, sirka sepilsa, chiqindilarni tozalab yuvib ketadi.
Gazli suv va ichimliklar jo’mrakdagi zang va changlarni yaxshi ketkaza oladi.
Poldagi yog’li dog’larni ketkazish uchun suvga 2 osh qoshiq oddiy osh tuzi qo’shib tozalanadi va orqasidan toza suv bilan artiladi.
Duxovkadagi yog’ va kir qatlamlari uncha ko’zga tashlanmasa-da, uni tozalash ancha kuch talab qiladi. Shunday ekan, uy bekalariga amalda sinalgan quyidagi usulni taqdim etamiz. Duxovkani sirkali suvda ho’llangan latta bilan artish kifoya. Go’sht toblash yoki bo’lmasa boshqa yog’li jarayonlardan so’ng issiq duxovkaga yirik tuz sepilsa, yog’ va kirlarni o’ziga so’rib oladi. Agar bu usul naf bermasa, soda va metal yuvgichdan foydalanishingiz mumkin. Eski o’rnashib qolgan dog’larga nashatir spirti surtib qo’yilsa, tozalash oson bo’ladi.
Plita ustidagi yog’ va chirklarni ketkazish uchun limonli suv yoki sirka sepib, soda bilan artiladi. Ketishi qiyin bo’lsa limon suvli aralashma bir necha daqiqaga qoldiriladi.
Qaynoq bug’ sovutgichni yaxshi tozalaydi va dezinfeksiyalaydi. Sirkali aralashma ham sovutgichdagi dog’ va yoqimsiz hidni bartaraf etishga ko’mak beradi. Umuman olganda, undagi kirlarni sovun va kir yuvish kukuni bilan artsa ham toza bo’ladi.
Choynakdagi qasmoqni ketkazishda gazli suv sizga qo’l keladi. Buning uchun choynakka gazli suv solib qaynating. So'ngra cho’tka bilan yuvib tashlang.
Idishlarni tozalashda iste’mol sodasi, qaynoq suv va zarqog’oz kerak bo’ladi. Kastryulkaga qaynoq suv, 2 osh qoshiq soda va g’ijimlangan zarqog’oz solib, bir necha daqiqa tindiriladi. U bilan oshxonadagi dog’ bosgan idishlarni tozalash mumkin.
Kumush buyumlardagi dog’larni ketkazishda esa sirka va soda aralashmasi yordam beradi.
Iliq suvga 2 osh qoshiq sirka qo’shib, oyna artilsa u top-toza bo’ladi. Agar oynadagi dog’ ketishi qiyin bo’lsa, issiq (qaynoq emas aks holda oynaga darz ketishi mumkin) suvdan foydalanish mumkin.
Сообщения из Facebook