Serfing – ummon to’lqini ustidagi “parvoz”
Serfing – ummon to’lqini ustidagi “parvoz”
Ko’pchilik serfingchilar uchun taxtada uchish bu shunchaki jismoniy harakat emas – hayot tarzidir. Bu butun bir falsafa. Bu sohada ummon sizning eng yaxshi ustozingiz bo’lishi mumkin. Har bir “parvoz” – yangi bir dars bo’ladi.

Bir marta to’lqinni tutib olganingizdan keyin, hayotingiz tubdan o’zgaradi. O’nlab muvaffaqiyatsizliklardan keyin suv usti va to’lqin uzra “parvoz” qilganingizdan so’ng buning haqiqiy mazasiga tushunganday bo’lasiz. Ana undan keyin odatiy sohilbo’yidagi har qanday dam olish siz uchun zerikarli bo’lib qoladi. 

Serfing– bu shunchaki ko’ngilochar dam emas. Ummon sizga sabrli bo’lishni, taslim bo’lmaslikni o’rgatadi, ajrata olish qobiliyatini, mardlikni shakllantiradi hamda hayotning har bir lahzasidan rohatlanish va zavqlanishni o’rgatadi.Serfing sizni tabiat bilan yolg’iz qolishingizga zamin yaratadi, shunda fikrlaringiz ham teranlashadi. 

1-qoida. Sabrli bo’ling, kuchlaringizni behudaga sarflamang

Ummon sabrsiz insonlarni yoqtirmaydi. Siz to’lqin kelishini 10-20-30 daqiqalab kutishingingizga to’g’ri keladi. Bu sizdagi sabrni kuchaytirish uchun yaxshigina mashqdir. Bunday amaliyotdan keyin shaharichidagi tirbandliklar sizning g’ashingizga tegmay qo’yadi. Bu ham o’ziga xos bir meditatsiya hisoblanadi. Ummon qo’ynida to’lqinni kutib turar ekansiz, atrofingizda hech qanday ortiqcha narsa bo’lmaydi, shovqin-suron ham, telefon ham, asabbuzarliklar ham. Shunchaki o’zingizni bo’sh qo’yib, ushbu lahzadan rohatlaning.

To’lqin kutar ekansiz, ular siz turgan joydan boshqa hamma yerda bordek tuyuladi. O’ng yoki chap tarafdagi to’lqinlar yaxshiroqdek ko’rinadi. Agar siz har bir to’lqinning ketidan quvib, joydan-joyga ko’chadigan bo’lsangiz, birorta ham to’lqinni tuta olmaysiz va bu sizning g’azabingizni keltiradi. 

2-qoida. Kerakli to’lqinni tutish

Birgina sabrning o’zi kamlik qiladi. Ummon sinchkov bo’lishni, har qanday to’lqinga tashlanmaslikni, to’g’ri va kerakli to’lqinni ajrata bilishni o’rgatadi.To’lqin sizni ko’mib yubormasligi, shu bilan birga mayda ham bo’lmasligi lozim. Kerakli to’lqinni tuta bilish uchun tajriba zarur, bu esa vaqt davomida shakllanadi. Qanchalik ko’p serfing uchsangiz, ummonni kuzatsangiz, uning qanday ishlashini, yaxshi va yomon to’lqinlarni ajrata bilishni hamda o’zingizning kuchingizga ham baho berishni o’rganib olasiz. 

Kelayotgan to’lqin aynan “sizniki” ekanligini qanday tushunish mumkin? Buni aniqlashning ilojisi yo’q, uni faqatgina his qilish mumkin. Siz tomon kelayotgan to’lqinni ko’rar ekansiz, ichki ovozingiz: “bu mening to’lqinim, men uddalayman”, deb aytishi mumkin. Biroq bu narsa sizning mana shu to’lqinda muvaffaqiyatli serfing qila olishingizni kafolatlamaydi. Sizning imkoniyatlaringiz 50/50. Ko’pnarsa sizning nima va qanday bajarishingizga bog’liq. To’lqinga chiqa olishga kuchingiz, tezligingiz yetarlimikan, taxta ustda to’gri chiqa olarmikansiz, uni ustida tura olarmikansiz. Yana sizga bog’liq bo’lmagan boshqa narsalar ham bor– to’lqinning katta-kichikligi, uning tezligi, vaqti va hokazo. Ko’p narsa omadga ham bog’liq. Barcha omillar uyg’unlashsa, mo’jiza yuz beradi va siz to’lqin uzra parvoz qilasiz! 

3-qoida. Urinishlardan cho’chimang, sinang, xatolardan xulosa chiqaring

Endi haqiqatning ko’ziga qaraylik-chi. Tajribasiz paytda har qanday to’lqin sizga kerakli to’lqinday tuyuladi, sinab ko’rmaguningizcha, buni aniqlay olmaysiz. Lekin sinashni ham aql bilan amalga oshirish, xatolardan esa xulosa qilish va ularning ustida ishlash kerak. Yiqilasiz, judayam ko’p yiqilasiz. Nima uchun yiqilganingizni tahlil qiling, shundagina mukammallashib borasiz. Har bir muvaffaqiyatsizlikni esa tajriba, deya qabul qiling, shunda vaziyatga bo’lgan qarashingiz butkul o’zgaradi. 

4-qoida. Qo’rquvni ketkazish uchun u bilan to’qnashishdan cho’chimang

Ummon sizni qo’rquvning ko’zlariga qarashni o’rgatadi. Serfing bilan ilk tanishayotgan har qanday insonda qo’rquv bo’lishi tabiiy, biroq bu qo’rquvni ketkazish zarur. To’g’ri, avvaliga qiyin bo’ladi, ammo kundan-kunga tajriba ortgan sayin, qo’rquv ham chekina boshlaydi. Qo’rquv va ikkilanish – muvaffaqiyatga erishishingizdagi to’siqlardir. O’zingizga ishoning, shunda ilojsiz narsaning o’zi qolmaydi.

Ummon – bu tabiat unsuridir. Uni sevib qolgan odam, undan hech qachon voz kecha olmaydi. Serfing esa o’zingizni tabiatning shunday buyuk tuhfasining bir bo’lagi ekanligingizni his qilishning ajoyib imkoniyatidir.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook