просмотров
Bolgariya
Bolgariyaning Ribnovo qishlog‘idagi to‘ylar hamisha yorqin va shov-shuvli tarzda o‘tadi. To‘y marosimida qishloqdagi barcha mahalliy odamlarni taklif qilish odat tusiga kirgan. Bu yerlik kelinchaklar to‘y kuni yuzlarini poklik timsoli bo‘lmish oq rangli bo‘yoq bilan qoplab olishadi. Keyin esa uning ustiga turli rangdagi yaltiroq bezaklar yopishtirib chiqiladi. Kelinchakning yuzidagi antiqa pardoz kumushrang iplar bilan bezatiladi va gulli chambarakka birlashtirib qo‘yiladi.
Yuz qismidagi yaltiroq bezaklar juda ham ko‘p bo‘lishi kerak, odatga ko‘ra ularni to‘y kunida kuyov olib tashlashi lozim bo‘ladi. Aytishlaricha, bu jarayon juftlik o‘rtasidagi muhabbatni mustahkamlar emish.
Qozog‘iston
Qozog‘iston kelinchaklarining an’anaviy libosi - toy uzatu koylek deya nom olgan. Libos uzun ko‘ylak, kamzul va maxsus bosh kiyimi - saukeledan tashkil topadi. Zamonaviy kelinchaklar oq rangli ko‘ylakni yorqin rangli kamzul bilan uyg‘unlashtirishni ma’qul ko‘radilar. Ammo kelinchaklar uchun saukele o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Konussimon shakldagi bosh kiyimi uchiga fata yoki bir nechta pat birlashtirib qo‘yiladi. Uning ahamiyati kelinchaklar uchun shunchalar kattaki, saukeleni to‘ydan ancha avval tayyorlay boshlashadi.
Nigeriya
An’anaviy Nigeriya to‘y libosi - to‘r bezakli ko‘ylak va naqshinkor chakmondir. Zamonaviy kelinchaklar ko‘p hollarda to‘y marosimi davomida boshqa turdagi liboslar kiyishlari ham mumkin. Ammo yorqin pardoz qilish usuli, ko‘p sonli taqinchoqlar va an’anaviy bosh kiyimi - gele tanlovi aslo o‘zgarmaydi.
Gele — chiroyli mato bo‘lagi bo‘lib, uni bosh qismiga aylantirib o‘rab olishadi. To‘y gelesi turli munchoqlar, naqshlar, pistonlar yordamida bezatiladi. Uning hajmi katta, o‘zi esa nozik bo‘lgani sababli bosh kiyimni kiyishga ikkinchi odamning ko‘magi zarur bo‘ladi.
Yaponiya
Yaponiya kelinchaklari to‘y marosimi uchun odatiy ko‘rinishdagi oq kimono va katta bosh kiyimini tanlab oladilar. Odatga ko‘ra, ushbu obrazda biror rangli detallar ko‘zga tashlanmaydi. Oq rang kelinchaklar uchun poklik va musaffolik ramzi sanaladi. Bazm chog‘ida esa kelinchaklar rangli kimono kiyib olishlari mumkin. Uni odatda turli munchoqlar, naqshlar va kashtalar bilan bezashadi.
Pokistan
Pokiston kelinlarining to‘y kunidagi obrazlarini o‘ta chiroyli vajozibador deya ta’riflash mumkin. Ularning liboslari ko‘ylak, fata va uzun yopinchiqdan iborat bo‘ladi. Yopinchiq yelkalar ustidan kiyib olinadi. Ko‘ylak uchun odatda qimmatbaho shoyi va organza matolarini tanlab olishadi. Organza matosi qiyofaga yengillik va shaffoflik bag‘ishlaydi, ko‘p sonli taqinchoqlar esa obrazning yanada hashamatli bo‘lishi uchun yordam beradi.
Kelinchakning bosh qismini kashtalar bilan bezatilgan fata ila yopib qo‘yadilar, soch turmagidan burun qismiga qadar halqali zanjir taqinchog‘i taqib olinadi. Kelinning soch farqiga toshli va munchoqli taqinchoq taqish odat tusiga kirgan. To‘y marosimi uchun kelinning qo‘llari va oyoqlariga xinadan bezaklar chiziladi. Naqshlar tajribali usta tomonidan yaratiladi, marosimda kelinchakning butun oila a’zolari qatnashadilar.
Vyetnam
Ibodatxonalarda o‘tkaziluvchi to‘y marosimlari uchun yorqin qizil rangli matodan ko‘ylak tikadilar, ushbu rang mamlakat odamlari uchun omad va baxtni anglatadi. Kelinning bosh qismiga xandong - parchadan tikilgan an’anaviy bosh kiyimi mahkamlab qo‘yiladi. Ushbu aksessuarni munchoqlar va nashqlar bilan bezashadi. Xandongni kelinchaklar butun marosim davomida yechmay o‘tiradilar.
Koreya
An’anaviy milliy koreys libosi - Xanbok deya ataladi. U uzun yubka va keng bichimli ko‘ylakdan tashkil topgan. An’anaviy milliy libos yorqin rangda bo‘lishi va bir nechta ranglardan ham tashkil topishi mumkin. Uni tikish uchun odatda qimmatbaho matolar: tabiiy shoyi, atlas, parcha va shifon tanlab olinadi.
Odatiy to‘y obrazini munchoqlar va toshlar bilan bezatilgan kichikqalpoqcha - chokturi yakunlab beradi. U to‘q yoki yorqin rangda bo‘lishimumkin, eng muhimi ko‘ylak rangiga mos kelishi darkor.
Hindiston
Hindistonning to‘y libosi lexenga-choli deb ataladi. U hashamatli sari, naqshlar, munchoqlar, biserlar, toshlar bilan bezatilgan ko‘ylakdan iborat bo‘ladi. Ayni vaqtda Hindistonda kelinchaklar istalgan rangdagi sari kiyishlari mumkin, ammo odatda kelinlarning aksariyat qismi qizil yoki yashil rangli sari kiyishni ma’qul biladilar.
Liboslar qanday rangda bo‘lishidan qat’iy nazar, unga tillarang iplar bilan bezak beriladi. Ushbu bezaklar boylik va farovonlikni aks ettiradi. Bundan tashqari hind kelinchaklari taqinchoqlarni juda yaxshi ko‘radilar.
Ruminiya
Ruminiya kelinchaklarining liboslari odatda juda ko‘p bezaklar bilan yasatiladi. Ushbu libosdagi bezaklar boylik va hashamatni aks ettiradi. Hajmdor yubka va keng bichimli yenglarga ham munchoqlar tikib chiqiladi. Ruminiya kelinchaklari an’anaviy fata o‘rniga baland bosh kiyim kiyadilar.
Malayziya
Malayziya kelinchaklari to‘y marosimlari uchun musulmonchilik qoidalariga ko‘ra libos tanlaydilar, ushbu liboslar parcha matosidan tikib chiqiladi. Ro‘mol ustidan hashamatli tiara taqiladi, unga esa biser munchoqlari bilan bezatilgan fata taqib qo‘yiladi.
Kelinchak ko‘ylagiga tillarang va kumushrang bezaklar ilova qilinadi. Aytishlaricha, ushbu bezaklar juftlik hayotining farovon va chiroyli o‘tishiga turtki beradi.
Xitoy
Xitoy to‘y marosimlaridagi har bir detal qizil rangda bo‘ladi. Xitoyliklar marosimdagi dekorativ bezaklar, taomlar va shirinliklarni ham qizil rangda tayyorlashga harakat qiladilar.To‘y liboslari ham bu borada istisno emas. Kelinchaklarning to‘y ko‘ylaklari qizil rangdagi keng xalat, tillarang iplar va gullar bilan bezatilgan ustki qismdan tashkil topadi. Kelin obrazining asosiy bezagi qaqnus qushi shaklidagi tojdir. U patlar, medalon, zargarlik namunalari, shoyi pomponlar, qimmatbaxo toshlar bilan bezatiladi.
Qaqnus qushi inson hayotidagi katta o‘zgarishga ishora qiladi. Bu kelin qiyofasidagi qizning hayoti so‘ngi va ayolning qayta dunyoga kelishini anglatadi.
Vengriya
Venger kelinchaklarining to‘y obrazi o‘zida uch hil rang: qizil, oq va qorani jamlashi kerak. Ko‘ylakda kashtalar va gullar shaklidagi bezaklar bo‘lishi muhim sanaladi. O‘ziga xos tojga bug‘doy va yashil novdalar tikib qo‘yiladi.
Indoneziya
Indoneziya to‘ylari katta bayram qilib nishonlanadi, kelin va kuyov to‘y marosimida o‘zlarini haqiqiy qirol va qirolicha kabi his qilishlari tayin. Aytishlaricha, ularning liboslari ham haqiqatan qirollar libosini yodga solishi kerak.
Kelinning libosini ko‘p sonli munchoqlar va tillarang naqshlar bilan bezatishadi, bosh qismiga esa murakkab dizaynga ega tilla toj taqib qo‘yadilar. Zargarlik buyumlari, nafis iplar va qimmatbaho toshlar tojni o‘ziga xos usulda bezaydi.
Сообщения из Facebook