просмотров
Tan olish kerakki, aksariyat insonlar xorijiy tillarni yaxshi bilsalar ham, og‘zaki so‘zlashuvda anchagina ortda qolishadi. Til grammatikasini mukammal darajada bilishingiz mumkin, ammo mazkur tilda suhbatlashish davomida ko‘plab muammolarga duch kelishingiz bejizga emas. Xorijiy tilda hech bir muammosiz so‘zlashish va bu ishni uydan tashqari chiqmagan holatda amalga oshirish mumkin, buning uchun quyidagi tavsiyalar sizga qo‘l keladi.
1. Shu tilda so‘zlashuvchi odamni toping
Internet olamida dunyoning turli burchaklarida yashovchi insonlar bilan tanishish imkoniga egasiz. O‘zingizga kerakli va qulay bo‘lgan ilovani yuklab olgancha, o‘rganmoqchi bo‘lgan tilingizda so‘zlashuvchi inson bilan do‘stlashing. Yangi do‘stingiz bilan imkon qadar ko‘proq suhbat qurgancha xatolaringiz ustida ishlashni ham o‘rganasiz.
2. Audioxabar yozamiz
Ba’zi murakkab so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qila olmay qiynalasizmi? Unday bo‘lsa telefon orqali audioxabarlar yozib oling va ularni bir necha bor qaytadan tinglang. Eng muhimi, xatolardan qo‘rqmasangiz bas!
3. Audiokitoblar tinglang
Audiokitoblar tinglash ham og‘zaki nuqtni rivojlantirishdagi muhim omillardan biri hisoblanadi. Kitobni tinglash davomida so‘zlarning qay usulda talaffuz qilinishiga e’tibor bering.
4. O‘zingiz bilan gaplashing
Vaqti-vaqti bilan xorijiy tilda kuningiz qanday o‘tgani haqida o‘zingizga so‘zlab bering, turli matnlarni bor ovozingizni chiqarib, o‘qishga harakat qilib ko‘ring.
5. So‘z yodlang
Lug‘at boyligi har qanday tilni o‘rganishdagi birlamchi omillardan hisoblanadi. Shu sababli yangi so‘zlarni o‘rganib, ularni imkon qadar to'liq jumlalar bilan qo‘llashga harakat qiling.
6. Sheva, jumla, maqol va iboralar...
Bu xorijiy tilni o‘rganishdagi yana bir muhim jihat ekanligini unutmang. Turli maqollar, iboralar, shevaning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganib olish orqali, nuqtingizning qiziqarli bo‘lishiga erisha olasiz.
7. Filmlar tomoshasi
Ba’zan xorijiy tilda musiqa tinglash, ba’zan esa film tomosha qilish ham uni o‘rganish uchun katta yordam beradi. Balki filmdagi so‘zlarning teng yarmini tushunmassiz, biroq ularning qanday talaffuz qilinishi asta-sekin siz uchun odatiy holatga aylanadi.
Сообщения из Facebook