просмотров
Uyning kiraverishi qaysidir ma’noda g’ala-g’ovurli ko’cha bilan qadrdon go’shani bog’lab turuvchi kichkinagina maskandir. Uyga kirganimizdan so’ng yo’lakda nafaqat poyabzalimizni, balki muammo va tashvishlarimizni hotirjamlik va mamnun kayfiyatga almashtiramiz.
Uyning bu qismini qanday jihozlash kerak? Avvalo, yo’lakda maxsus shkaf joylashtirish haqida o’ylab ko’ring. Bu juda asqotadigan jihoz. Kiyim-boshdan tashqari uning tokchasida sumka, kalit, qo’lqop, soyabon singari mayda buyumlarni ham saqlash juda qulay.
Shkaf shaklini tanlayotganingizda quyidagilarga ahamiyat berishni tavsiya qilamiz. Kiyim erkin joylashishi uchun shkafni ichi kamida 60 sm ga teng bo’lishi kerak. Shkaf eshiklari ochilganda yo’lakni to’sib qo’ymasligiga ham e’tibor bering.
Shkaf rangini devor rangiga moslagan holda tanlasangiz, ranglarning uyg’unligi intererga o’zgacha ko’rkamlik bag’ishlaydi. Yo’lakda shkafga joy topilgan bo’lsa ham ochiq ilgaklarni chetlab o’tish noo’rin, chunki yomg’irda ivigan kiyimlar shkafga osilsa to’g’ri bo’lmaydi.
Ochiqilgaklarni qulayligi shundaki , unga kiyimlarni ustma-ust ilish mumkin, buning ustiga, ko’p joy egallamaydi. Yo’lakka ko’zguni bo’y baravarida tanlaganingiz ma’qul. Birinchidan ayollar uchun qulay, ikkinchidan esa, katta oynada hamma narsa ko’rinadi.
Eng yaxshisi esa shkafning eshigida ko’zgu bo’lishi. Ko’zguni shunday joylashtirish kerakki, unda ochiq ilgak va eshik yonidagi poyabzallar qatori ko’rinmasin.
Yo’lakda oyoq kiyimni almashtirib olish uchun o’tiradigan joy bo’lsa yanada yaxshi. Bu ayniqsa yosh bolali onalar uchun juda qulay.
Aksariyat yo’laklarning tor qurilganini hisobga oladigan bo’lsak, mebel va devorlar rangi och tusda bo’lgani ma’qul. Shunda tor joy ham yorug’ bo’lib, kengroq ko’rinadi. Xona eshiklari ichki tarafga ochiladigan bo’lsa yoki suriladigan (kupedagi singari) eshik o’rnatilsa, yo’lak hajmi yanada kengroq ko’rinadi.
Yo’lak haddan tashqari uzun bo’lgan holda uning ohiridagi devorlarga yorqin ta’sviriy san’at asarlari yoki yirik suratli gul qog’oz yopishtirilsa, masofa qisqargandek tasavvur uyg’otadi.
Yo’lak bir xonadan ikkinchisiga o’tib yuradigan oraliq: yotoqdan hammomga, oshxonadan mehmonxonaga… shunday ekan, bu o’ziga hos chorraxa qulay va hush yoqadigan bo’lishi kerak.
Yo’lak hajmi, katta kichikligi va didingizga qarab uni manzarali suratlar, esdalik sovg’alari, haykalchalar bilan ham bezash mumkin. Muhimi, bularning bari ruhiyatingizni ko’tarib, kayfiyatingizni chog’ qilishga xizmat qilsin!
Сообщения из Facebook