Vatanparvar qahramon siymosi. O’zbek xalqining mard o’g’loni Jaloliddin Manguberdi
Vatanparvar qahramon siymosi. O’zbek xalqining mard o’g’loni Jaloliddin Manguberdi
Bugun 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni muinosabati bilan xalqimizning buyuk vatanparvar qahramoni Jaloliddin Manguberdi haqida so’z yuritamiz.

Jaloliddin Manguberdi 1199 yilda Xorazmda tavallud topgan. U 1169-1220 yillarda yashab o'tgan hamda 1200-1220 yillar davomida Xorazmshohlar saltanatini boshqargan hukmdor Oloviddin Muhammad II ning o’g’lidir.

Jaloliddin Manguberdi - Vatanni zolim bosqinchilardan himoya qilishda yuqori darajada mardlik va jasorat ko’rsagan bizning buyuk ajdodimiz, vatanparvar qahramon siymosidir. 

Qadimgi Xorazm saltanatiga bosqinchi Chingizxonning lashkari yaqinlashib kelayotgan paytda Xorazmshoh Muhammad qochib qolishga ulgurdi, uning ayonlari esa dushmanga taslim bo’lishga tayyor edilar. Endigina 21 yoshni qarshilagan Jaloliddin yovga qarshi kurash hamda ona yurt ozodligi yo’lida barcha og’irlikni o’z bo'yniga oladi. O’n bir yil davomida u mo’g’ullar istilosiga qarshi kurashib keldi va unga bir necha bor qaqshatgich zarbalar berib, mag’lubiyatga uchratdi. Hattoki qonxo’r va zolim Chingizxon ham Jaloliddin Manguberdining jasorati va qo’mondonlik mahoratiga tan bergan.

Yosh sultonning g’alabalaridan xavotirga tushgan Chingizxon unga qarshi 45 ming askarli qo’shinini yuboradi. Jaloliddin mardlarcha dushman qo’shiniga qarshi kurashga otlandi va uni Pervan shahri yaqinida qarshi oldi.

Chingizxon sulton Jaloliddinni yo’q qilish uchun katta sonli qo’shini bilan uni Ind daryosi bo’yida jang uyushtirdi. Jaloliddinning askarlarining soni mo’g’ullarnikidan besh marotaba kam bo’lishiga qaramay, bu jangda ishtirok etdi. Chingizxonning tepalikdan turib jangni boshqarayotganini ko’rgan Jaloliddin bor vajohati bilan hujumga kirishib ketganidan mo’g’ullar hukmdori otiga minib, xoramzliklarning qilichidan qocha boshladi. 

Ammo sonlar nisbati bo’yicha ancha ustun bo’lgan mo’g’ullar armiyasi sultonning otryadini qurshovga ola boshladi. Yov qo’liga asir tushmaslik uchun Jaloliddin baland tepalikdan kuchli oqimdagi daryoga o’zini tashladi va uni muvaffaqiyatli kechib o’tib, Hindiston tarafga qarab yo’l oldi. 

Ana shu voqeadan hayratga tushgan Chingizxon o’g’illariga qarab:  "Ota oʻgʻil mana shunday boʻlishi lozim!" degan.

Vatanini mo’g’ullar istilosidan xalos qilish maqsadida Jaloliddin Manguberdi Xorazmdan tashqarida yangi davlat tuzadi. Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, Eron va Hindistonning ma’lum qismi uning hukmronligi ostiga o’tadi. U bu yerda mo’g’ul bosqinchilariga qarshi yangi qo’shin yig'adi. O’n yil davomida Jaloliddin mo’g’ullarga qarshi kurashib, ularning Rus yerlari va Yevropaga yo’l olishiga to’sqinlik qilib turgan.

1231 yilda Kurdistonning qorli tog’larida xorazmliklarning mo’g’ullar bilan oxirgi jangi bo’lib o’tdi. Bu jangda sultonning oxirgi safdoshlari qahramonlarcha halok bo’ldilar. Jaloliddinning o’zi bu jangda omon qoldi, biroq bir necha kundan keyin kurd qaroqchilari tomonidan sotqinlarcha o’ldirildi. Xorazmning mard o’g’loni 32 yoshida halok bo’ldi. Uning ishini bir yarim asr o’tgach Amir Temur nihoyasiga yetkazdi.

Oʻzbekiston hukumati Jaloliddin Manguberdining mo’g’ul bosqinchilariga qarshi kurashda koʻrsatgan mislsiz jasorati, vatanga va oʻz xalqiga sadoqat va cheksiz muhabbatini qadrlash va uning porloq ruhini abadiylashtirish maqsadida "Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida" qaror qabul qildi (1998 yil). Qarorga koʻra, uning yurti Xorazmda Jaloliddin Manguberdiga haykal oʻrnatildi, yirik koʻcha, maydon, jamoa korxonalari va boshqa joylarga uning nomi qoʻyildi. Jaloliddin Manguberdi haqida videofilm, doston, pyesalar yaratilgan.  2000 yil 30 avgust kuni "Jaloliddin Manguberdi" ordeni taʼsis etilgan.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook