Bitiruv kechasining malikasi bo’lishni istaysizmi: qizlarga maslahatlar
Bitiruv kechasining malikasi bo’lishni istaysizmi: qizlarga maslahatlar
Bitiruv kechasi har bir qiz uchun huddi to’y marosimi kabi muhim tadbir bo’lib, bir umr esda qoladi. U hayotingizda bir martagina bo’lib o’tadi, shuning uchun bu tantanaga yaxshilab tayyorgarlik ko’rish kerak.

Bitiruv kechasi bir umr esda qolishini, ko’rinishingiz esa betakror bo’lishini istasangiz, bu tadbirga oldindan tayyorgarlik ko’rish kerak. Kerakli obrazni belgilab, unga mos kuylak, oyoq kiyim, aksessuar, soch turmagi va makiyajni tanlash muhimdir. Maqolamizda ushbu muhim tadbirga to’g’ri tayyorgarlik ko’rish bo’yicha kerakli maslahatlar beriladi.

Kuylak tanlash jarayoni

Kuylak tanlash jarayoni

Bitiruv kechasiga mos kuylak tanlash uchun modalar jurnalini varaqlab chiqing, forumlarni ko’rib chiqing hamda didi sizga mos tushuvchi yaqin odamingiz bilan maslahatlashib ko’ring, masalan, onangiz, opangiz yoki dugonangiz bilan. Lekin shuni unutmangki, bu avvalambor sizning bayramingiz, shuning uchun ham hal qiluvchi qarorni o’zingiz qabul qilishingiz lozim. Bunda moliyaviy ahvolni ham inobatga olish zarur.

Tayyor kuylak sotib olasizmi yoki zakazga tikdirasizmi, nima bo’lishidan qat’iy nazar, bir necha omillarni hisobga olish lozim. Siz tanlagan kuylak qomatingizga mos tushishi, qulay bo’lishi va tadbirga muvofiq bo’lishi kerak. Kuylak juda kalta va ochiq bo’lmasligi lozim. 

Bitiruv kechasida kiyadigan kuylagingiz sizga o’tirib-turishga, harakatlanishga va raqs tushishga xalal bermasligi kerak. Shuning uchun juda tor kuylak tanlash yaramaydi. Uzun shleyfli kuylak tanlashni ham maslahat bermaymiz, bunda siz nafaqat raqs tushishga, balki harakatlanishga ham qiynalib qolishingiz mumkin.

Oyoq-kiyim tanlash

Oyoq-kiyim tanlash

Oyoq kiyim nafaqat chiroyli, balki qulay bo’lishi ham juda muhimdir. Oyog’ingizni siqib turuvchi va haddan tashqari baland poshnali tufli kiymagan ma’qul.

Bitiruv kechasi munosanati bilan yangi tufli sotib olar ekansiz, uni ushbu tadbirga kiyishdan avval bir oz kiyib, oyoqlaringizni unga o’rgatib olishingiz zarur. Ehtiyot shart sumkachangizga oyoq uchun plastirni solib qo’yishni unutmang, kerak bo’lib qolishi mumkin. 

Biroq hech qanday qiyinchiligiga qaramasdan, tadbirning rasmiy qismi uchun juda baland poshnali tufli kiyishni mo’ljallagan ekansiz, unda qulayroq ikkinchi juft oyoq-kiyimingizni ham ovoling.

Bezak va aksessuarlar

Bezak va aksessuarlar

Obrazingizni aksessuar va bezak buyumlari bilan to’ldirishingiz mumkin – zakolka, brosh, diadema, braslet va xokazo. Faqat bularning hammasini birvarakayiga taqib olmang, aks holda bachkana ko’rinib qolasiz. O’zingiz bilan kichik hajmli sumkachani olishni unutmang. Unga telefon, dastrumolcha, namli salfetka va kosmetika kabi zarur narsalarni solib olasiz.

Soch turmagi va makiyaj

Soch turmagi va makiyaj

Kechaga qanday soch turmagida borishni oldindan belgilab olish zarur, chunki aynan soch turmagi obrazingizni yaratadi. Bunda professional mutaxassis stilist xizmatidan foydalanish yoki uquvi bor dugonalaringizning mahoratiga ishonishingiz mumkin. 

Makiyajni bo’rttirib yubormaslik kerak. U maksimal darajada tabiiy bo’lishi lozim – bu narsa sizning sofligingiz, yoshligingiz va chiroyingizni bildirib turadi. Bunda makiyajning sinalgan klassik turidan foydalangan afzal yoki stilist xizmatiga murojaat qilgan ma’qul.

Kun tartibini rejalashtirib olish

Bitiruv kechasi shoshib qolmaslik va tadbirga kechikib kelmaslik uchun kun tartibini rejalashtirib olish muhimdir. Kiyinishingizga qancha vaqt ketishini hisobga olish, stilist xizmatiga yozilish, kuylakni dazmollab qo’yish, oyoq-kiyim va aksessuarlarni tayyorlab qo’yish zarur. 

Bitiruv kechasi kuniga hech qanday kosmetik muolajalarni rejalashtirmang. Bu yumushlarni bir yoki bir necha kun avval o’tkazish kerak. Birinchidan, bunday muolajalar ko’p vaqtingizni oladi, siz shoshib qolib, asabiylashishingiz mumkin.  Ikkinchidan, kosmetik muolajalarning natijasini oldindan bilib bo’lmaydi, ba’zan yuz shishib yoki qizarib qolishi hamda qichishishi mumkin. Bunday noxushliklar esa bitiruv kechasida sodir bo’lmasligi kerak. 

Bitiruv kechasiga tayyorgarlik ko’rayotgan qizlar yuqoridagi maslahatlarimizdan foydalanadilar, deb umid qilamiz.  

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook