Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning o’n ikki darvozasi
Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning o’n ikki darvozasi
Vatanimiz O’zbekistonning poytaxti qadimiy boy tarixga ega. U juda ko’p bosqinchilik va urushlarning guvohi bo’lgan.

Toshkent qulay geografik joyda – Tyan-Shan tog’lari tomonidan Buyuk Ipak Yo’li bo’ylab keladigan tuya karvonlari yo’lida joylashgan, shu boisdan ham o’zga mamlakatlarning diqqatini o’ziga jalb qilib kelgan. Shahar tashqi dushmanlardan himoyalanish maqsadida o’sha vaqtlarda devorlar bilan o’rab olingan edi. Shosh qal’asi aholisining osoyishtaligini qorong’u kechalarda jasur pahlavon qorovul-mirshablar avval qilichlari, o’q-yoylari, keyinchalik esa beshotar miltiqlari, zambaraklari bilan himoya qilishgan.

 Tarixchi olimlarning yozishlaricha, 18 asrning oxirlarida shahar mudofaa devorining balandligi salkam 8 metr, tepa qismining kengligi 2 metrgacha bo’lgan. Devoraylanasining uzunligi 18,2 km, shaharning umumiy maydoni esa 26,4 kv. km.ni tashkil etgan.

Shahar mudofaa devorining 12 ta darvozasi bo’lgan. Bular: Taxtapul, Labzak, Qashqar, Qo’qon, Qo’ymas, Beshyog’och, Kamolon, Samarqand, Ko’kcha, Chig’atoy, Sag’bon, Qorasaroy darvozalaridir. Bu darvozalardan tashqari shaharning ikkita qofqasi, ya’ni bir nafar otliq kirib chiqadigan tuynukchasi bo’lgan. Qadimgi darvozalar hozirgi bojxona, chegara vazifalarini bajargan. Dushmanlarning to’satdan bostirib kirishidan asragan.

Bu darvozalarning hammasi katta yo’l ustida qurilgan bo’lib, darvozalar mustahkam, qattiq yog’och – tog’ archasidan yasalgan va ust tomoniga naqshinkor bezaklar berilgan. Har bir darvozada juft halqalar va kalitlar bo’lgan. Kalitlar darvozabonlarning qo’llarida saqlangan. Darvozabonlar darvozani tongda ochib, quyosh botganda berkitganlar. Darvoza yopilgandan so’ng, uni ochishga hech kimning haqqi bo’lmagan. Faqatgina shahar hokimining o’ta zarur farmoyishi bo’lgandagina darvozani ochishga ruhsat berilgan.

Toshkent darvozalarining kalitlari sof oltindan quyilgan. Har bir kalitda tegishli darvoza nomi va yasalgan yili yozilgan. 1865yil iyun oyida Toshkent Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan keyin, 12 ta darvozaning ramziy oltin kalitlari yasalib, rus general-gubernatori Mixail Chernyayevga topshirilgan. Chernyayev esa kalitlarni Peterburgdagi harbiy muzeyga topshirgan. Bu kalitlar darvozani ochuvchi haqiqiy kalitlardan ancha kichik bo’lgan. Ular Peterburgda 1917 yilgacha Rossiya imperiyasi, undan keyin sho’rolar hukumati qaramog’ida bo’lgan. 1933 yil 14 iyunda Toshkent darvozalarining ramziy kalitlari O’zbekistonga qaytarib berilgan. Hozirda bu kalitlarning o’n bittasi O’zbekiston Respublikasi Markaziy Bankida saqlanayotgan bo’lsa, bittasi O’zbekiston xalqlari tarixi muzeyida ko’rgazmaga qo’yilgan.

Qadimiy Toshkentning yuragi hisoblangan, xalq osoyishtaligini ta’minlagan ushbu 12 ta darvoza muhim tarixiy ahamiyatga ega. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari 2017 yildagi yig’ilishda “Do’stlik bog’ini yaratib”, uning hududida O’zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha xalqlar, millat va elatlarning o’ziga xos madaniyati, urf-odati, madaniy an’analarini namoyish qiladigan majmua loyihasini tayyotlash yuzasidan topshiriq bergan edi. Bu taklifdan kelib chiqib Toshkent shahar hokimligi poytaxtimizning katta turistik qiymatga ega bo’lgan qo’hna va zamonaviy tashqi ko’rinishini shakllantirish, xorijlik sayyohlar uchun ma’qul bo’ladigan qiyofani yaratish, ramziy darvozalarini tiklash bo’yicha eng yaxshi taklif uchun tanlov e’lon qildi. Shundan kelib chiqib “Dunyo darvozalari’ xalqaro madaniy turistik majmuaning loyihasi yaratildi.

Majmuada Toshkentning 12 ta darvozasi barpo etiladi. Yopiq markaziy akvapark, qishki bog’, amfiteatr, velosiped yo’lakchalari, gullar, manzarali daraxtlar bilan o’ralgan piyodalar sayr qiladigan yashil yo’laklar, sport maydonlari, qahvaxona, bolalar maydonchasi quriladi.

Shunday qilib, Toshkentning 12 ta darvozasi tiklanadi. Ular to’rt tomonga qaragan bo’lib, har biri shu yo’nalishdagi davlatning qo’hna me’morchilik namunalari: Hindistonning Toj-Mahali, mashhur Xitoy devori, Misr ehromlari, Angliyaning Bing-Bong soati, Frantsiyaning Eyfel minorasi tasvirlari bilan o’z aksini topgan darvozlar, karvon yo’llari-yu karvonsaroylar, quduqlari-yu hayotbaxsh sardobalar bilan qad ko’taradi. 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook