просмотров
Ajoyib Frensis Dreyk
Bu mashhur ingliz dengizchisining nomi ko’pchilikka ma'lum. U Britaniya mustamlakachilik imperiyasini yaratishga bilvosita o’z hissasini qo’shgan va shu sababli dvoryanlik unvoniga erishgan. Yosh Dreykga qaroqchilik mahoratini qaroqchi va qul savdogari bo’lmish amakisi Xokkins singdirgan. Shunday qilib, 1572 yilda Dreyk “Svan” va “Pasha” kemalarida Panama bo’g’ozi tomon yo'l oldi. U yerda u Portobelo shahrini talon-taroj qilib, yoqib yubordi, qit’aning yovvoyi joylariga kirib borib, Perudan Portobeloga qarab kelayotgan, oltin va boshqa qimmatbaho narsalarni ortib olgan Ispaniya karvonlarini ham bosqinchilik yo’li bilan qo’lga kiritdi. Meksika sohilida u Ispaniya kemalariga shavqatsizlarcha hujum uyushtirdi.
Ushbu qaltis va jinoyatkorona sarguzashtlaridan so'ng, qaroqchi Angliyaga qaytib, saroy ahlining e'tiborini qozondi hamda qirolicha huzuriga rasmiy ziyofatga taklif qilindi. Qirolicha bilan suhbat chog’ida Dreyk o'zining “noma'lum Janubiy qit'ani qidirish” rejalari bilan o'rtoqlashdi. O’sha davr olimlarining taxminiga ko'ra, u Janubiy yarimsharda joylashgan bo’lishi kerak edi. Shuningdek, qaroqchi Amerika qit’asining g'arbiy sohilidan turib, ispanlarga hujum qilishni taklif qildi. Qirolicha Dreykning tashabbuslarini qo'llab-quvvatladi hamda moliyaviy tomondan ta’minlab turdi. 1577-1580 yillarda Dreyk tarixdagi ikkinchi (Magellandan keyin) dynuo bo’ylab kema safarini amalga oshirdi. Ushbu safar chog’ida qaroqchi Olovli Yer bilan Antarktida oralig’idagi bo’g’ozni kashf qildi va unga o’zining nomini qo’ydi.
Sharafli Genri Morgan
Yamayka oroli Karib havzasida qulay joyga ega edi, shuning uchun u mashhur ingliz qaroqchilarining to'planadigan asosiy bazasiga aylandi. Bu yerda inglizlarning Amerikadagi ispan kuchlariga qarshi barcha dengiz harakatlari rejalashtirilar edi. 17-asrda Genri Morganning harakatlari Yamayka va uning markaziy bandargohi Port-Royal tarixida muhim o'rin tutgan. Aytgancha, u qaroqchilik davridagi eng jirkanch va yoqimsiz shaxs sifatida tanilgan.
Yoshlik chog’laridanoq Morgan Karib dengizidagi orollarga kelib, qaroqchilar olishuvlarida ishtirok etdi, asosan Kubada. Uning amakisi, ser Edvard Morgan, Yamaykada nufuzli hokim o'rinbosari lavozimini egallagan edi. Shu tufayli Genri Yamayka flotining boshlig’i bo'lib oldi. Uning yirik bosqinchiliklari ro’yxatiga Kubaning Puerto Prinsip shahrining bosib olinishi, Karib dengizidagi ispanlarning eng kuchli qal'asi bo’lmush Portobeloni, Perudan ispanlar tomonidan talon-taroj qilib olib kelingan oltin va kumushlar saqlanayotgan Panama shaharlarini bosib olish va talashlarni kiritish mumkin. Panama yoqib yuborilgandan so'ng, Ispaniya qiroli aybdorlarni jazolashni talab qildi. Hatti-harakatlariga javob berishi uchun Morgan hibsga olingan holda Vataniga qaytarildi. Ammo barcha ayblovlarga qarshi o’laroq Angliya qiroli Genri Morganni ritsar etib tayinladi. Yaqindagi ser unvonini olgan Morgan Yamaykaga bosh sudya va gubernator o'rinbosari lavozimida qaytdi. Keyinchalik u orolning gubernatori bo'ldi. Yangi mansabdagi ser Morgan endi o’zi qaroqchilikka qarshi kurashishni boshladi. Sharafli qaroqchi 1688 yilda Port-Royalda vafot etdi.
Haybatli Edvard Tich (Qora Soqol)
Ko'plab taniqli va yovuz qaroqchilar singari, bu yaramas ham eng dahshatli ko'rinishga ega edi. Uning hurpaygan uzun soqoli butun yuzini berkitib turar edi. Kiyimlari qonli dog'lar bilan qoplangan, yuvilmagan tanasidan porox isi, ter va kuchli sharobning sassiq hidi anqib turar edi. Jangda Tich har doim navbat bilan uchta to'pponchadan foydalanar edi.
Edvard Tich 1680 yilda Bristolda tug'ilgan. U o'zining "karerasini" inglizlarning xususiy qaroqchilik kemasida boshladi. U yerda u bosqinchilik janglarda jasorat ko'rsatdi. Tich kemalardan birini bosib olib, uning boshqaruvini o’z qo’liga oldi va o'zi mustaqil holda qaroqchilik qila boshladi. Aslida u jamoaga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lar, doimiy ravishda may va sharob ta’siri ostida yurar edi (uning qo'l ostidagilar kabi). Keyinchalik fransuzlarga qarashli yirik savdo kemasini qo'lga kiritgach, Tich uning qo'mondoni bo'ldi hamda kemaga “Malika Annaning qasosi” deb nom berdi. Qaroqchi yo'lda uchragan barcha kemalarga hujum qildi, ularni taladi, odamlarni garovga oldi. Qo’lga kiritgan boyliklarni Shimoliy Karolinada pullar edi. U yerning gubernatori qaroqchilarga muruvvatli edi.
Tich uzoq vaqt davomida Amerika qirg'oqlari bo'yida talon-taroj qilib yurdi. Ammo keyin keskin qaroqchilik harakatini amalga oshirdi. Charleston port shahriga kirgan Qora Soqol u yerda qimmatbaho o’lja va boy yo'lovchilari bo’lgan sakkizta kemani qo'lga oldi. Yo‘lovchilarni ozod qilish uchun tovon puli belgiladi. Umumiy miqdori 1500 funt ga teng oltin va kumushlarni qo’lga kiritdi. Keyinchalik Tich Shimoliy Karolinaning gubernatori bilan shartnoma tuzdi. Ammo ingliz floti dahshatli qaroqchiga qarshi harakat boshladi. Edvard Tichni qo'lga olish to'g'risida buyruq keldi. 1718 yil 17-noyabr Qora Soqolning hayotidagi so'nggi kun edi. U kapitan Maynard bilan bo’lib o’tgan shiddatli jangda halok bo’ldi. Tich tanasining 25 ta joyidan jarohatlangan, ulardan 5 tasi o'q jarohatlari bo'lgan edi. Qaroqchining boshi kesilib, yelkan yog’ochiga osilgan.
Mashhur qaroqchilar qanday bo’lganliklaridan qat'iy nazar – qonxo’rmi, jasurmi yoki olijanobmi, ularning dengiz sarguzashtlari bolalarni hamisha o’ziga maftun qilib kelgan. Ushbu sarguzashtlar haqidagi kitoblar maroq bilan o’qiladi, filmlar esa sevib tomosha qilinadi.
Сообщения из Facebook