Tashkent City Bog’i
Joriy yilning 13 oktyabrida poytaxtimiz markazida Toshkent City bog’i ochildi. U xalqaro biznes markazining qoq o’rtasida, A.Navoiy ko’chasi bilan O’zbekiston xiyoboni orasida joylashgan.

Bog’ning kattaligi 18,5 ga, bu 27 ta futbol maydoni bilan teng degani. Bog’ hududida tashkilotchilar barcha yoshdagi va qiziqishdagilar uchun mo’ljallangan mutlaqo yangi formatdagi turli xil ko’ngilochar va hordiq chiqarish joylarini yaratdilar

Bog’ hududi 27 futbol maydoni bilan teng

Bog’ hududida kichkintoylar uchun mo’ljallangan, xavfsizligi ta’minlangan bolalar maydonchasi, aktiv hordiq ishqibozlari uchun esa velosiped yo’lakchalari, yangi taassurotlar qo’yniga g’arq bo’lishni istaganlar uchun esa planetariy, flying-theatre va mum haykallar muzeyi barpo etilgan. Shahar shovqinidan charchab, shunchaki sayrga chiqqanlar uchun esa ko’lga qaragan manzarali amfiteatr va boshqa ko’pgina original hududlar yaratilgan. 

Bog’ hududida shuningdek, uchta tilda ishlaydigan, turgan joyingizni hamda qaysi tomonga yurishingiz kerakligini ko’rsatib beradigan qulay elektron ma’lumot kioskasi ham bor.

18,5 ga joyni bittada aylanib chiqish juda qiyin. Shuning uchun loyiha mualliflari yo’lakchalar bo’ylab 506 ta o’rindiq o’rnatganlar. O’rindiqlar ham oddiy emas – rang-barang, marmardan va yog’ochdan yasalgan. 

Mum haykallar muzeyi

Bog’ni butunlay aylanib chiqish uchun besh soatdan oshiqroq vaqt sarflanadi. Mum haykallar muzeyidagi selfining o’zi bir soat vaqtingizni oladi. Muzeyda hozircha 13 ta mum haykal o’rnatilgan – Qirolicha Yelizaveta, Donald Tramp, Merilin Monro, Shvartsnegger, Dueyn Skal Jonson, Bryuss Uillis, Charli Chaplin, Mister Bin, kapitan Jek Vorobey, Tsukerberg, Bill Geyts, Eynshteyn hamda Mayk Tayson haykallari. 

Mum haykallarning haqiqiy odamlarga o’xshashligi tomoshabinlarni lol qoldiradi: qo’llarda ko’rinib turgan qon tomirlari, ajinlar, soqollar va hattoki ko’zlarning chaqnab turishi – bularning barchasi huddi tirik insonlarnikidek. Yaqinda muzey yana to’ldiriladi – Ronaldo, Messi, Burak Ozchivit, Sulton Sulaymon, Hojiboy Tojiboyev, bir qator hind aktyorlari va boshqa mashhur yulduzlarning mum haykalini o’rnatish rejalashtirilmoqda.

Planetariy

Muzeyning o’ng tarafida yana bir ko’ngilochar joy –planetariy joylashgan. Bu yerga kirgan tomoshabinlar katta zaldagi binbeg-o’rindiqlarga joylashib olib, nigohlarini gumbazsimon ekranga qaratadilar. Ular samodagi yulduzlardan tortib, dengiz tubigacha jo’shqin sayohat qilgandek taassurotga ega bo’ladilar. Planetariyning shundoq yonginasida esa 7D-kinoteatr joylashgan.

Chiptalar narxi: mum haykallar muzeyiga – 20 000 so’m, planetariyga - 30 000so’m, 7D-kinoteatrga – 40 000 so’m. 

Musiqali favvora – bog’ning eng diqqatga sazovor joyi va bezagidir

Bog’ning eng asosiy va yorqin diqqatga sazovor joyi – bu uzunligi 200 metrga teng bo’lgan musiqali favvoradir. U ko’lning qoq markazida joylashgan bo’lib, jozibadorligi bilan hammani o’ziga maftun etadi.

Ushbu favvora har kecha bog’ga tashrif biyuruvchi mehmonlarning davomli qarsaklari ostida lazerli effektga ega bo’lgan jo’shqin suvli shou namoyish qiladi. Avvaliga suv-lazerli ajoyib manzara odamlarning nigohini o’ziga jalb qilib turadi. So’ngra favvoraning suv oqimi 80 metr balandlikka otilishi bilanoq hamma yoqni tomoshabinlarning zavqli qiyqiriqlari bosib ketadi.

Favvorali shouni amfiteatrdan, ko’prik ustida turib yoki fontan ro’parasidagi kafeda stol buyurtirib tomosha qilish mumkin. 

Bog’dagi bir necha soatli sayr davomida qorin ochishi tabiiy. Biroq havotirlanishga o’rinyo’q – bog’ hududida 3 ta restoran, 2 ta kafe va bir necha fast-fudxonalar ishlab turibdi. Yaqinda bu yerda shirinliklar, suvenirlar hamda kichkintoylar uchun o’yinchoqlar do’konlari ishga tushadi. 

Tashkent City bog’i hududida shuningdek, yaqinda ta’mirdan chiqqan arxitektura yodgorligi ham bor. Bu 20-asrning boshlarida qurilgan “Orifjonboy” masjididir.

Bog’da 3000 dan ortiq tezo’sar daraxtlar ekilgan. Ular orasida yirik gulli magnoliya, Avstriya qora qarag’ayi va boshqa ko’plab o’simliklar bor. Ba’zi ko’chatlar atayin Italiyadan keltirilgan. Bir necha yillardan so’ng bu daraxtlar odamlarga rohatbaxsh salqinlik va yengil shabada berib turadi..

Bog’da tozalikni, tashrif buyuruvchilarning xavfsizligini ta’minlovchi xodimlar xizmatda bo’ladilar. 

Tashkent City bog’i har kuni ertalab soat 10 dan kech soat 10 gacha tashrif buyuruvchilarni qabul qiladi.

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations