Muzdan yaratilgan mehmonxonalar Skandinaviya o’lkasida juda ham mashhur. Bu yerda qor malikasi haqidagi ertak muxlislari muzli mehmonxonalarga tashrif buyurgan holda sovuq haroratli bino go’zalliklaridan bahramand bo’lishadi.
Ammo bahor fasli kelishi bilan muzlar eriy boshlaydi va mehmonxonani keyingi yili qaytadan qurishga to’g’ri keladi.
Shved kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan ushbu mehmenxona esa yilning to’rt faslida ham o’z tashrif buyuruvchilariga xizmat qila oladi. Endilikda bu yerga yozning jazirama kunlarida ham kelib, hordiq chiqarish mumkin.
ICEHOTEL kompaniyasi muzli mehmonxonalar kurish bilan shug’ullanadi va o’zining navbatdagi Icehotel 365 loyihasi bilan mijozlarning ko’ngliga yo’l topa oldi. Quyosh batareyalari yordamida ishlaydigan sovitish tizimi bois mehmonxona bahorda ham, boshqa fasllar davomida ham erib ketmaydi va mijozlarga xizmat ko’rsatishda davom etadi.
Icehotel 365 Shvetsiyaning Jukkasjarvi qishlog’idan 200 km uzoqlikda joylashgan bo’lib, birinchi muzli qurilish 1989 yili amalga oshirilgan. Bugungi kunda Icehotel shunchaki karavot joylashtirilgan oddiy xonalardan iborat emas. Bino ichida muzli ibodatxona, kokteyl zali va sauna ham bor (sauna muzdan emas, albatta).
Mehmonxona ichidagi harorat -5 darajadan -8 darajagacha. Karavotlar muzdan yasalgan bo’lsa ham, ustiga bug’u terisi tashlanadi va tun chog’ida mijozlarga termik yotoq yostiqlari tarqatiladi.
Boshqa muzli mehmonxonalar kabi Icehotel 365 ham Art Suites nomli tematik xonalar ega. Ularda muzdan yaratilgan betakror namunalarni ko’rish mumkin.
Сообщения из Facebook