просмотров
Zarhalchi
Jarangdor nomli ushbu kasb egasi aslida ko’chadagi axlatlarni yig’ishtirib yurar edi. Uning vazifasi ko’chalarni tozalash edi. O’tmishda madaniyat rivojlanmagan, odamlar tozalikka uncha ham rioya qilishmas edi. Shularni hisobga olgan holda bilavering, zalhalchining ishi qanchalik og’ir bo’lganini, axir bunday chiqindilar orasida hayvonlarning va hattoki odamning ham go’ngi bo’lar edi. Odamlar axlatlarni ko’chaga tashlaganlari yetmaganday, uydagi chiqindilarni ham derazadan turib, ko’chaga uloqtirar edilar. Mana shundau sharoitda zarhalchilar ko’chalarni sanitariya talablariga javob beradigan ahvolda tutishlari zarur edi. Biroq maoshlari judayam kam, arzimagan miqdorda edi. Buning ustiga bunday kasb egalarini hech kim mensimas, ularga past nazar bilan qaralar edi.
Sartarosh
Qadimgi zamon sartaroshlari biz bilgan hozirgi sartaroshlardan ancha farq qilar edilar. Ularning vazifasi faqatgina soch olishdan iborat bo’lmagan, boshqa ko’pgina ishlarni ham bajarishgan. O’rta asr davrida Yevropada sochlar asosan hammomlarda olingan, sartaroshlar ham hammomda ishlaganlar. Ular soch olish bilan birga mijozni cho’miltirganlar, ularning oyoq-qo’llaridagi tirnoqlarni olganlar, uqalaganlar (massaj), chiqqan joylarni joyiga tushirganlar, bog’lovlar qo’yganlar va hattoki og’riyotgan tishlarni ham sug’urganlar. Bulardan tashqari sartarosh mijozini tekshiruvdan o’tkazishi, bitlari bo’lsa, ularni ketkazishi, qon chiqarib, tanani ichki tarafdan ham tozalab berishlari lozim edi. Qon chiqarish uchun teri ostidagi tomirlar ozgina kesilar, bu judayam foydali muolaja hisoblanar edi. O’rta asr tibbiyoti ko’pgina kasalliklar turib qolgan yomon qon tufayli yuzaga keladi, deb hisoblar edi, shuning uchun uni tanadan chiqarib yuborish zarur edi.
Bu ishlar bilan tabiblar shug’ullanmaganmi, deb so’rashingiz mumkin. Professional tabiblar ham bo’lgan, ular jiddiyroq muammolar bilan shug’ullanganlar, ma’lumotlari ham, jamiyatda tutgan o’rinlari ham shunga yarasha yuqoriroq bo’lgan.
Degustator
O’rta asrlarda qirol yoki saroy ayonlarini zaharlab o’ldirish oson edi va hattoki odatiy holga ham aylanib qolgan edi. Buning oldini olish degustator vazifasi edi. U davrdagi degustator taom yoki ichimlikni sinovdan o’tkazib, unga baho berish bilan emas, qirol hamda saroy ayonlariga keltirilayotgan yegulikda zahar bor yo’qligini tekshirish bilan shug’ullanar edi. Taomda zahar bor-yo’qligini tekshirishning birdan-bir yo’li, uni ta’tib ko’rish edi. Degustator aynan ana shunday xavfli vazifani bajarar edi. Agar xizmatkorga hech narsa qilmasa, qirol va saroy ayonlari ovqat tanovul qilishni boshlar edilar.
Kimyogar
Kimyogar deganda o’rta asrlarda tushunarsiz narsalarda sirli ma’no qidirgan hamda g’ayrioddiy voqealarga izoh bergan olimlar tushunilar edi. Kimyogarlar mistikaga ishonganlar, mo’jizaviy falsafa toshini qidirganlar, qimmatbaho metallarni yaratish sirlarini topishga harakat qilganlar. Kimyogarlar ilmiy ishlar bilan shug’ullana turib ham, turli xil ilohlar va o’zga o’lchamdagi kuchlar borligiga ishonganlar. Barcha bilim va kashfiyotlar avloddan avlodga o’tib kelgan yoki shogirdlarga topshirilgan. Biroq o’sha davrdagi ba’zi qiziqishlar, nazariyalar zamonaviy ilmga zid bo’lgan, shuning uchun ham vaqt o’tkan sayin hamda ilm-fan rivojlangan sari o’sha davrning mistikaga asoslangan kimyo fani yo’q bo’lib ketdi.
Сообщения из Facebook